14-modda. Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organdir.
Vakolatli organ davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiradi.
Vakolatli organ:
davlat xaridlari sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish tizimini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishning samaradorligi va shaffofligini oshirish boʻyicha choralar koʻradi;
maxsus axborot portalining operatorini va uning davlat xaridlarini tashkil etish hamda oʻtkazish borasidagi faoliyati qoidalarini belgilaydi;
taklifni baholash va taqqoslash usullarini hamda mezonlarini, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish usulini tanlash tartibini va ularning tartib-taomilini belgilaydi;
iqtisodiy jihatdan eng foydali taklifni baholash usulini qoʻllash tartibini (baholashning narxga asoslanmagan mezonlarini) belgilaydi;
davlat xaridlari boʻyicha axborotni joylashtirish, oshkor qilish va undan foydalanish tartibini hamda hajmlarini, shuningdek tovarga (ishga, xizmatga) hamda davlat xaridlarini amalga oshirish usuliga qarab eʼlon qilishga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi;
xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonlarning, xabarning, xarid qilish hujjatlarining, xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi taklifining, xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasining namunaviy nusxalarini tasdiqlaydi;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibini belgilaydi;
davlat xaridlaridagi shartnoma majburiyatlarini bajarish masalalariga doir nizolar va kelishmovchiliklarni, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga kelib tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
Vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
