Oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalar toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida (344-son)
17.08.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Talabalarning kasb bilimlarini chuqur egallashlarini ragʻbatlantirish va oʻzlashtirishini oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada yaxshilash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, oliy oʻquv yurtlarida stipendiya tayinlash va toʻlash tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2001-yil 1-sentabrdan boshlab davlat grantlari boʻyicha va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishning kunduzgi shaklida taʼlim olayotgan oliy oʻquv yurtlarining barcha talabalarini (xorijiy mamlakatlar talabalaridan tashqari) stipendiya bilan taʼminlash joriy etilsin.
Respublika oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud investitsiya vizasiga ega boʻlgan xorijiy investorlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya olishga haqlidirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, oliy oʻquv yurtlariga ega boʻlgan boshqa vazirliklar va idoralar toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitishning qiymati miqdoriga har oyda toʻlanadigan stipendiya miqdorini albatta kiritsinlar.
Bunda, oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt qiymati miqdoriga kiritilgan har oyda toʻlanadigan stipendiya summasi talabalarning oʻzlashtirish reyting koʻrsatkichlaridan qatʼi nazar, qayta hisoblanmaydi va qaytarilmaydi.
2. 2001-yil 1-sentabrdan boshlab oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari ilovaga muvofiq belgilansin, talabalarning oʻzlashtirishiga qarab stipendiyalarga quyidagi tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlar joriy etilsin:
reyting boʻyicha eng yuqori ballar (86 — 100 ball) — 1,0;
reyting boʻyicha yuqori ballar (71 — 85 ball) — 0,75;
reyting boʻyicha oʻrtacha ballar (55 — 70 ball) — 0,5.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalari oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash va toʻlashning amaldagi tartibi saqlab qolinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda:
oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun 2001/2002 oʻquv yilida oʻqish qiymatining yangi miqdorlarini;
taʼlim muassasalarida stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning amal qilishi Vazirlar Mahkamasining “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 12-iyundagi 253-son qarorining 2-bandining toʻrtinchi xatboshida koʻrsatilgan oʻquv yurtlari oʻquvchilariga joriy etilsin, bunda oʻquvchilar va talabalar stipendiyalari miqdorlarining ilgari amalda boʻlgan nisbati saqlab qolinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli taʼlim muassasalarining 2001-yil uchun xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 17-avgust,
344-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi 344-son qaroriga ILOVA
Oliy oʻquv yurtlari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari
T/r Talabalar toifasi (xorijiy talabalardan tashqari) Miqdori (bir oyda soʻm) 1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi stipendiatlari oʻrtacha stipendiyaning uch barobari miqdorida* 2. Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalari stipendiatlari oʻrtacha stipendiyaning ikki barobari miqdorida* 3. Oliy oʻquv yurtlari talabalari 505 278 4. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar 548 340 5. Davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-onalar vasiyligisiz qolgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar 482 155 6. Baynalmilal burchini bajarishda yarador boʻlish, kontuziya, jarohatlanish yoki kasallanish oqibatida nogiron boʻlib qolgan sob�q harbiy xizmatchilar sirasiga kiruvchi talabalar 572 714 7. Sobiq baynalmilalchi jangchilar sirasiga kiruvchi talabalar 548 340 8. Oliy oʻquv yurtlarida matematika, amaliy matematika va informatika, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar 549 906 9. Kar-soqov va koʻzi ojiz talabalarga stipendiya belgilanganga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi
* Talabalarning reyting nazorati boʻyicha 71 — 85% oʻzlashtirish koʻrsatkichi boʻyicha belgilangan stipendiya miqdori — oʻrtacha stipendiya miqdori deb hisoblanadi.
Izoh:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida farmonlari qabul qilinishi munosabati bilan oliy oʻquv yurtlari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari oʻzgargan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oliy oʻquv yurtlari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqariladi.
Respublika oliy taʼlim muassasalarining talabalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud investitsiya vizasiga ega boʻlgan xorijiy investorlarga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya toʻlanadi.
