33-modda. Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-471-son) · Sana: 05.04.2018 · Amalda
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari haqiqiy harbiy xizmatda boʻladi.
Davlat xavfsizlik xizmatida xizmatni oʻtash tartibi umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi, bundan Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari bajarayotgan majburiyatlarning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari xizmatni oʻtash davrida siyosiy partiyalar aʼzolari boʻla olmaydi. Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga nisbatan umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa cheklovlar ham tatbiq etiladi.
Kuchaytirilgan rejimni joriy etish va bekor qilish, shuningdek Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilarini jangovar harakatlarda ishtirok etishga jalb etish Davlat xavfsizlik xizmati raisining buyruqlari asosida amalga oshiriladi. Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qoʻshinlarida kuchaytirilgan rejimni joriy etish va bekor qilish tartibi qonunchilik, shu jumladan Davlat xavfsizlik xizmatining ichki idoraviy hujjatlari bilan belgilanadi.
Fuqarolarni Davlat xavfsizlik xizmatiga xizmatga qabul qilish, ularni lavozimga tayinlash, mansabini koʻtarish va boshqa lavozimga oʻtkazish ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy holatidan qatʼi nazar amalga oshiriladi. Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga nisbatan maxsus talablar Davlat xavfsizlik xizmati raisi tomonidan belgilanadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga belgilangan namunadagi xizmat guvohnomasi berilib, undan foydalanish tartibi Davlat xavfsizlik xizmatining ichki idoraviy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan namunadagi formali kiyim-boshga ega boʻladi.
Davlat xavfsizligini taʼminlash vazifalarini hal etish uchun Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari harakatdagi rezervda harbiy xizmatda qoldirilgan holda davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha xizmat safariga yuborilishi mumkin.
Davlat xavfsizlik xizmati mansabdor shaxslarining lavozim majburiyatlarini, oʻzlariga boʻysunuvchi harbiy xizmatchilarga nisbatan ragʻbatlantirish choralarini va intizomiy jazo choralarini qoʻllash, harbiy unvonlar berish, harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibini tasdiqlashga doir vakolatlari Davlat xavfsizlik xizmatining raisi tomonidan belgilanadi.
