8-modda. Normativ-texnika hujjatlarini ishlab chiquvchilarning majburiyatlari
Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida (657-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Normativ-texnika hujjatlarini ishlab chiqayotgan davlat idoralari, mulkchilikning shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va alohida shaxslar aholining salomatligini saqlashni va sanitariya-epidemiya masalalarida xotirjamligini taʼminlashga qaratilgan sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilishlari shart.
Qayd etilgan idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va alohida shaxslar yangi kimyoviy va biologik moddalarni, ion hosil qiluvchi nurlanish manbalarini hamda mana shu manbalarga ega boʻlgan asboblarini, atir-upa va pardoz mahsulotlarini, materiallar, texnologiya jarayonlari, uskunalar va boshqa xalq isteʼmoli mollarini joriy etishdan oldin aholining sanitariya-epidemiya xavfsizligini taʼminlashga doir normativlar boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni, ularga rioya etilishi ustidan nazorat qilish usullarini, zararli mahsulot va chiqitlarni zararsizlantirish yoʻllarini ishlab chiqishlari hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachiga taqdim etishlari shart.
