21-modda. Sanitariya nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi idoralar va muassasalar
Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida (657-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati qaysi idoraga boʻysunishidan va mulkchilikning shakllaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan davlat idoralari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etishlari ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi.
Sanitariya-epidemiologiya stansiyasi ushbu Qonunga hamda ular toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq ish koʻruvchi tibbiy profilaktik muassasa hisoblanib, sanitariyaga doir va epidemiyaga qarshi kurash chora-tadbirlarining majmuini uyushtirilishini va oʻtkazilishini taʼminlaydi hamda davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklarining, Milliy xavfsizlik xizmatining va Oʻrta Osiyo temir yoʻlining ishlatilayotgan va qurilayotgan obyektlarida idoraviy sanitariya nazoratini tegishli vazirliklar va idoralarning sanitariya-epidemiologiya stansiyalari amalga oshiradilar.
Sanitariya militsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlagan Nizomga muvofiq sanitariya tekshiruvini amalga oshiradi.
Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati idoralari, muassasalari va mansabdor shaxslari qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatiga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib rahbarlik qiladilar, uni uygʻunlashtirib va tekshirib boradilar.
