“Quvvati 500 kV boʻlgan “Surxon-Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishi” loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
05.12.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Oʻzbek tomoni” deb yuritiladi) va Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Afgʻon tomoni” deb yuritiladi), keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga oʻzaro xohishdan kelib chiqib,
“quvvati 500 kV boʻlgan “Surxon-Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishi” loyihasini amalga oshirishda hamkorlik prinsiplarini belgilab olish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimning maqsadi “2018 — 2020-yillarda quvvati 500 kV boʻlgan “Surxon-Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishi” investitsion loyihasi (bundan keyin “Loyiha” deb yuritiladi) boʻyicha Tomonlarning hamkorligi va uni birgalikda amalga oshirish prinsiplarini belgilashdan iborat.
2-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun masʼul sifatida quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbek tomonidan — “Uzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati;
Afgʻon tomonidan — “Da Afghanistan Breshna Sherkat “DABS”.
Vakolatli organlarning nomi yoki vazifalariga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda, Tomonlar diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabardor qilinadilar.
3-modda
Ikki tomonlama hamkorlik masalalarini tezkor koʻrib chiqish va Loyihani amalga oshirish maqsadida, Tomonlar vakolatli organlar vakillaridan iborat boʻlgan doimiy faoliyat yurituvchi Ishchi guruh (bundan keyin “Ishchi guruh” deb yuritiladi) tashkil etadilar. Zarur hollarda, Tomonlar davlatlarining boshqa korxonalari ekspert va vakillari Ishchi guruh faoliyatiga jalb qilinishlari mumkin.
4-modda
Tomonlar quyidagi kelishuvga erishdilar:
Tomonlar oʻz davlatlari hududida Loyihani xalqaro moliya tashkilotlari yoki boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlaydilar;
ularning vakolatli organlari oʻz davlatlari hududida Loyiha Buyurtmachilari hisoblanadilar;
“Oʻzelektrtarmoq” UK Loyihaning Bosh Pudratchisi sifatida Oʻzbek tomonining vakolatli organi hisoblanadi;
Oʻzbek tomonining vakolatli organi tarkibiy boʻlinmasi “Sredazenergosetproyekt” AJ Loyihaning Bosh loyihalashtiruvchisi hisoblanadi.
5-modda
Tomonlar quyidagi kelishuvga erishdilar:
a) Afgʻon tomoni:
Oʻzbek tomoniga texnik-iqtisodiy asoslanishni ishlab chiqish uchun batafsil dastlabki maʼlumotlarni taqdim etadi;
quvvati 500 kV boʻlgan “Surxon-Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishi uchun oʻz davlati hududida minalardan tozalangan yer uchastkasini ajratadi;
Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslarni, mashina va mexanizmlarni Oʻzbek tomoni yetkazishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydi.
b) Oʻzbek tomoni:
Mazkur Bitim tuzilgan sanadan boshlab bir oy ichida dastlabki loyihaviy tadqiqotlarni amalga oshiradi hamda texnik va moliyaviy takliflarni koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun Afgʻon tomoniga taqdim etadi. Afgʻon tomoni 30 ish kuni davomida oʻz fikrini bildiradi. Afgʻon tomoni tasdigʻi olinganidan va Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish boʻyicha kontrakt tuzilganidan soʻng Oʻzbek tomoni bir oy ichida, keyinchalik Afgʻon tomoni bilan kelishiladigan, batafsil texnik-iqtisodiy asoslanishni ishlab chiqadi.
Boshqa har qanday zarur choralar Ishchi guruh tomonidan muhokama qilinadi va kelishiladi.
6-modda
Afgʻon tomoni oʻz davlati hududida Loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbek tomoni jalb etgan ishchi va mutaxassislar uchun Loyihaning amalga oshirilishi vaqti davomida quyidagilarni taʼminlaydi:
hayoti (xavfsizligi) va sogʻligi (birinchi yordam)ni lozim darajada himoya qilish hamda ularning mulkini saqlash, bunda toʻliq shartlarni Tomonlar alohida kelishib oladilar;
koʻp marotaba vizalar va mehnat ruxsatnomalarini (litsenziyalar) Afgʻonistonning tegishli qonun hujjatlari va qoidalariga muvofiq 30 kun davomida berish;
soliqlar, bojxona toʻlovlari, yigʻimlari va boshqa xarajatlarni toʻlash tartibi Afgʻonistonning tegishli qonun hujjatlari va qoidalariga muvofiq tartibga solinadi.
Mazkur modda qoidalaridan kelib chiqadigan xarajatlar Loyiha umumiy qiymatining qismi hisoblanadi.
7-modda
Tomonlar Loyihadan samarali foydalanish uchun Afgʻon tomonining muhandis va xodimlariga keng qamrovli taʼlim berish va ularni oʻqitishni taʼminlashda Oʻzbek tomoni hamkorlik qilishi toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar, bunda uning shartlari alohida muhokama qilinadi.
8-modda
Oʻzbek tomoni tarafidan Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun tegishli texnik sharoitlar yaratish maqsadida Afgʻon tomoni oʻz davlati hududida Oʻzbek tomonining sertifikatlovchi organlari tomonidan berilgan mahsulotlarning muvofiqlik sertifikatlarini tan olinishini taʼminlaydi.
9-modda
Loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkorlikning batafsil shartlari, shu jumladan sotib olinadigan elektr tarifi va hajmi, Tomonlar yoki ularning vakolatli organlari oʻrtasida tuziladigan alohida bitimlarda kelishib olinadi.
10-modda
Har bir Tomon mazkur Bitim doirasida boshqa Tomondan olgan yoki unga taqdim etilgan hujjatlar, maʼlumotlar va boshqa materiallarning maxfiyligini taʼminlaydi.
11-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
12-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida uning ajralmas qismi hisoblanuvchi yozma ravishda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha ichki davlat protseduralarini Tomonlar yakunlaganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olgan kundan boshlab kuchga kiradi va Loyiha yakunlanguniga qadar amal qiladi. Tomonlar mazkur Bitimning amal qilishini boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali kamida olti (6) oy avval oʻz niyati toʻgʻrisida xabardor qilish orqali tugatishlari mumkin.
Toshkent shahrida 2017-yil 5-dekabrda, hijriy 14/09/1396, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, dari va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
