Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (201-son)
14.03.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq hamda xotin-qizlar va oila institutini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) va Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — “Mahalla va oila” instituti) muassisligida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilganligi
Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jamgʻarma muassislarining:
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda Vasiylik kengashi deb ataladi) tarkibini 1-ilovaga muvofiq;
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi tuzilmasini 2-ilovaga muvofiq;
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Ijro etuvchi direksiya deb ataladi) xodimlarining mehnatga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlarini 3-ilovaga muvofiq tasdiqlash;
Ijro etuvchi direksiya xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash va ragʻbatlantirish shartlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosariga ikki hafta muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Jamgʻarmaning ustavini tasdiqlash, Jamgʻarmani tashkil etish uchun zarur boʻlgan dastlabki mablagʻlarni shakllantirish hamda uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish tavsiya etilsin.
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega boʻladi.
4. Quyidagilar:
Vasiylik kengashi Jamgʻarmaning oliy organi, Ijro etuvchi direksiya ijro organi hisoblanishi;
Ijro etuvchi direksiyaga Vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod qilinadigan ijrochi direktor rahbarlik qilishi;
Jamgʻarma va Ijro etuvchi direksiyaning daromadlar va xarajatlar smetasi, yillik amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar rejasi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Vazirlik, “Mahalla va oila” instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining quyidagilarni Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
Vazirlik va “Mahalla va oila” institutining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 mlrd. soʻmgacha boʻlgan miqdorda ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Jamgʻarmaning mablagʻlari Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq quyidagi tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi inobatga olinsin:
xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatish;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashish;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berish;
onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash boʻyicha vazifalarning amalga oshirilishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy negizlari va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha maqsadli ishlar olib borilishiga koʻmaklashish;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni turar-joy bilan taʼminlashda boshlangʻich badallarini qaytarilmaslik sharti bilan toʻlab berish;
Vazirlik va “Mahalla va oila” institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash;
Vazirlikning xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash, xotin-qizlar masalalari boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar hamda xotin-qizlar muammolari bilan ishlash yoʻnalishlaridan hamda “Mahalla va oila” institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiquvchi tadbirlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi hamda hududiy boʻlimlari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlarni jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplash;
Ijro etuvchi direksiyani saqlash.
7. Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasiga;
10 foizi — “Mahalla va oila” institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiquvchi tadbirlarga, shundan 5 foizi — “Mahalla va oila” institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyat yuritayotgan xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga;
70 foizi mazkur qarorning 6-bandi ikkinchi — yettinchi, oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilarida belgilangan tadbirlar uchun ajratilishi inobatga olinsin.
8. Vasiylik kengashiga:
Vazirlik va “Mahalla va oila” institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlariga ajratiladigan mablagʻlarning hisob-kitobi alohida yuritilishini taʼminlash maqsadida har bir yoʻnalish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochish;
Ijro etuvchi direksiyaga yuklangan vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida unga bitta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari E. Basitxanova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-mart,
201-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-martdagi 201-son qaroriga 1-ILOVA
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining Vasiylik kengashi
TARKIBI
1. E. Basitxanova — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisi 2. B. Yusupaliyev — sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari 3. Sh. Sharaxmetov — moliya vazirining oʻrinbosari 4. E. Muxitdinov — bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari 5. F. Salomov — Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki boshqaruvi raisi
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-martdagi 201-son qaroriga 2-ILOVA
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi
tuzilmasi
Ijro etuvchi direksiya boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 7 nafar.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar shtat birliklari soni oʻrnatilgan normativlar asosida belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-martdagi 201-son qaroriga 3-ILOVA
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi xodimlarining mehnatga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha
razryadlari
Lavozim nomi Razryadi Ijrochi direktor 16 Auditor — taftishchi 14 Yuriskonsult 14 Buxgalteriya boʻlimi boshligʻi — Bosh hisobchi 14 Bosh mutaxassis 12 Etakchi mutaxassis 11 ”.
