98-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi · Sana: 08.12.1992 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi:
1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar boʻladi;
2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
3) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan maʼruzalar taqdim etadi;
6) ushbu Konstitutsiya va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri:
1) Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
2) Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
