93-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi · Sana: 08.12.1992 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti:
1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir;
2) Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradi;
3) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi;
4) muzokaralar olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlaydi;
5) oʻz huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;
8) respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini taʼminlaydi; vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritadi;
9) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdim etadi hamda uni isteʼfoga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qiladi;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;
