117-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi · Sana: 08.12.1992 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan soʻng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning oʻzida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
