Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (420-son)
07.09.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 60 yilligini nishonlash toʻgʻrisida” 2003-yil 28-oktabrdagi 470-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi ishtirokida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan Fanlar akademiyasining asosiy fondlari xatlovdan oʻtkazilganligi hamda sotiladigan va hisobdan chiqariladigan mol-mulkning roʻyxati belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining koʻchmas mulk birjasi orqali belgilangan tartibda sotiladigan obyektlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda maxsus komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra aniqlangan mol-mulkni hisobdan chiqarish va sotish bilan bogʻliq chora-tadbirlar belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muassasalari 1-ilovada koʻrsatilgan obyektlarni, shuningdek xatlov natijalariga koʻra aniqlangan priborlar, asbob-uskunalar va boshqa moddiy boyliklarni sotishdan oladigan tushumlar boʻyicha daromad (foyda) soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin, tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, birinchi navbatda, ilmiy-texnika va laboratoriya asbob-uskunalari xarid qilishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tushadigan mablagʻlar Fanlar akademiyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun yoʻnaltirilgan holda maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat oʻrnatsin. Mablagʻlardan boshqa maqsadlarda foydalanish hollari aniqlangan taqdirda boshqa maqsadlarda foydalanilgan mablagʻlar qonunchilikda belgilangan tartibda budjet daromadiga olib qoʻyilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2005-yildan boshlab Fanlar akademiyasining 2-ilovaga muvofiq obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ularning ustuvorligidan kelib chiqib hamda har yili ajratiladigan kapital qoʻyilmalar limitlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturiga kiritish toʻgʻrisida Fanlar akademiyasining takliflarini belgilangan tartibda koʻrib chiqsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2004-yilda va keyingi yillarda tasdiqlanadigan budjet parametrlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga:
eksperimental yer uchastkalariga ishlov berish uchun zarur traktor texnikasi, Fanlar akademiyasining tadqiqot muassasalari tomonidan seysmologik, biologik, arxeologik, geologik-geofizik ilmiy ekspeditsiyalar oʻtkazish uchun maxsus va yuk avtotransporti xarid qilish;
Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari binolari, inshootlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini mukammal taʼmirlash;
zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, priborlar va fan ehtiyojlari uchun yadro yoqilgʻisi xarid qilish uchun mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
5. Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Fanlar akademiyasining milliy boylik hisoblangan nodir ilmiy qurilmalari, maxsus obyektlari va inshootlari, muzeylari va kutubxonalari taʼminotiga har yili zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
6. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalarini zamonaviy ilmiy-texnika asbob-uskunalari bilan jihozlash uchun grantlar, xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tashkilotlarning begʻaraz yordamini jalb qilishda Fanlar akademiyasiga koʻmaklashsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-sentabr,
420-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-sentabrdagi 420-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining koʻchmas mulk birjasi orqali sotiladigan obyektlari (binolar, inshootlar va tugallanmagan qurilishlar)
ROʻYXATI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 7-sentabrdagi 256-sonli qarori tahririda)
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-sentabrdagi 420-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2005—2007-yillarda quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlari
ROʻYXATI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 36-son, 401-modda; 2005-y., 34-36-son, 264-modda; 2006-y., 40-son, 396-modda; 2009-y., 37-son, 408-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
