Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazini tashkil etish toʻgʻrisida (419-son)
07.09.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maʼnaviy barkamol va jismoniy sogʻlom avlodni tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar, notinch oilalar bolalari yoki ota-onalari qarovisiz qolgan bolalarning toʻliq ijtimoiy moslashuvini taʼminlash, koʻrsatib oʻtilgan toifadagi bolalar toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish zarurligini jamiyatning maʼnaviy-axloqiy asoslari va negizini mustahkamlashning majburiy sharti sifatida jamoatchilik ongiga singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) Ustavi va tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida unga hisobot beradi.
Markaz direktoriga, zarurat boʻlganda, Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar (nogironligi boʻlgan shaxslar, jismoniy nuqsoni boʻlgan hamda asab va ruhiyati buzilgan bolalar, surunkali ogʻir kasalliklardan azob chekuvchi bolalar) hamda ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalarning (yetimlar, ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosadigan shaxslarning qarovisiz qolgan bolalar, notinch oilalarning bolalari) ijtimoiy moslashuvi muammolarini oʻrganish, koʻrsatib oʻtilgan muammolarni hal etish yuzasidan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek bolalar oʻrtasida jismoniy imkoniyatlari cheklangan, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlar paydo boʻlishiga olib keladigan omillarning salbiy taʼsirini kamaytirish;
bolalarning alohida nochor guruhlarini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy moslashtirish sohasida Vatan tajribasini, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini chuqur oʻrganish va umumlashtirish, bolalarning ijtimoiy moslashuvi masalalari bilan shugʻullanuvchi davlat muassasalari va nodavlat muassasalarning amaliy faoliyatida ulardan foydalanish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
imkoniyatlari cheklangan, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini oʻrganish, zamonaviy talablarni va standartlarni hisobga olgan holda tizimning samaradorligini oshirishga doir kompleks dasturlar ishlab chiqish;
bolalarning ijtimoiy moslashuvi masalalari boʻyicha oʻquv-metodik va maʼlumotnoma qoʻllanmalarning holati va sifatini tahlil qilish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
bolalarning maqsadli guruhlariga moʻljallangan tadbirlarga tegishli davlat dasturlari va jamoat loyihalari bajarilishi monitoringini olib borish, ularni amalga oshirish samaradorligini kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
bolalar va oilalar bilan ijtimoiy ishlar masalalarida ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari bilan oʻzaro aloqani amalga oshirish, ijtimoiy ishlar boʻyicha taʼlim standartlarini takomillashtirish, bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimida “ijtimoiy xodim” maqomini mustahkamlash;
jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalarga, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalarga ruhiy-pedagogik, taʼlim va reabilitatsiya dasturlarini amalga oshirish yoʻli bilan amaliy yordam koʻrsatish;
bolalar huquqlarini himoya qilish, bolalar psixologiyasi va yoshga oid psixologiya, pedagogika, tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini, bolalarning zaif guruhlarini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy moslashtirish sohasidagi xalqaro tajribani keng jamoatchilikka yetkazish yoʻli bilan bolalarni ijtimoiy moslashtirish masalalarida maʼrifiy va targʻibot faoliyati, bolalarning ijtimoiy moslashtirish masalalarini hal etishga barcha manfaatdor tomonlarni jalb etish.
4. Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bolalarning ijtimoiy moslashuvi muammolarini oʻrganish ishlarini, ushbu sohada maʼrifiy va tashkiliy-targʻibot tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborot-tahliliy materiallarni, statistika materiallarini va boshqa materiallarni olishda Markazga koʻmaklashsinlar;
jismoniy imkoniyatlari cheklangan, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalar bilan ishlovchi davlat muassasalari va nodavlat muassasalarning Markaz bilan yaqindan oʻzaro hamkorlik qilishini taʼminlasinlar.
5. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyalarining materiallari bir nusxadan majburiy tartibda yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining statistika axborotnomalari majburiy tartibda yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
6. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi (R.Sh. Shogʻulomov), “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi (B.Sh. Alimov) Markazning kutubxona fondini toʻldirish uchun davriy matbuot nashrlari va kitob mahsulotlari (maxsus tibbiy, tarbiyaviy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar) bir nusxadan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markaziga tekin berilishini taʼminlasinlar.
9. Toshkent shahar hokimligi (R.M. Shoabdurahmonov) bir oy muddatda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markaziga bino ajratsin, uning faoliyatini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlasin, zarurat boʻlganda, berilgan binolarni taʼmirlasin, telefon aloqasi bilan taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.T. Inomova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-sentabr,
419-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-sentabrdagi 419-son qaroriga 1-ILOVA
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogironligi boʻlgan shaxslar, jismoniy nuqsoni boʻlgan hamda asab va ruhiyati buzilgan bolalar, surunkali ogʻir kasalliklardan azob chekuvchi bolalar), ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalarni (yetimlar, ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qarovisiz qolgan bolalar, notinch oilalar bolalari), shuningdek ijtimoiy moslashuvda qiyinchilikka ega boʻlgan, biroq xatarli guruhlarga kirmaydigan alohida iqtidorli bolalarni (umumiy maxsus qobiliyatli bolalarni, xususan: sportga, badiiy, ilmiy va boshqa qobiliyatlarga ega boʻlgan bolalarni) (keyingi oʻrinlarda bolalar deb ataladi) ijtimoiy moslashtirish muammolarini oʻrganuvchi mustaqil tashkilot hisoblanadi.
2. Markaz oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
3. Markaz oʻz faoliyatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda mazkur Ustavga amal qiladi.
4. Markazning yuridik nomi:
davlat tilida — Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi;
rus tilida — Respublikanskiy sentr sotsialnoy adaptatsii detey;
ingliz tilida — The Republican Center for Social Adaptation of Children.
5. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahrida joylashgan.
6. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, valyuta hisob raqamlariga va boshqa hisob raqamlariga, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga va blankalarga hamda oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa xizmat belgilari va rekvizitlarga ega boʻladi.
7. Markaz qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan oʻz filiallariga ega boʻlishi mumkin, ular oʻz faoliyatini ushbu Ustav va Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan ular toʻgʻrisidagi nizomlar asosida amalga oshiradilar.
II. Markazning maqsadi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
8. Bolalarning toʻlaqonli ijtimoiy-tibbiy moslashuvini hal etishga va taʼminlashga koʻmaklashish Markaz faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
9. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
bolalar ijtimoiy moslashuvi muammolarini oʻrganish, koʻrsatib oʻtilgan muammolarni hal etish yuzasidan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek bolalar oʻrtasida jismoniy imkoniyatlari cheklangan, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlar paydo boʻlishiga olib keladigan omillarning salbiy taʼsirini kamaytirish;
bolalarning alohida nochor guruhlarini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy moslashtirish sohasida Vatan tajribasini, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini chuqur oʻrganish va umumlashtirish, bolalarning ijtimoiy moslashuvi masalalari bilan shugʻullanuvchi davlat muassasalari va nodavlat muassasalarning amaliy faoliyatida ulardan foydalanish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini oʻrganish, zamonaviy talablarni va standartlarni hisobga olgan holda tizimning samaradorligini oshirishga doir kompleks dasturlar ishlab chiqish;
bolalarning ijtimoiy moslashuvi masalalari boʻyicha oʻquv-metodik va maʼlumotnoma qoʻllanmalarning holati va sifatini tahlil qilish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
bolalarning maqsadli guruhlariga tegishli davlat dasturlari va jamoat loyihalari bajarilishi monitoringini olib borish, ularni amalga oshirish samaradorligini kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
bolalar va oilalar bilan ijtimoiy ishlar masalalarida ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari bilan oʻzaro aloqani amalga oshirish, ijtimoiy ishlar boʻyicha taʼlim standartlarini takomillashtirish, bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimida “ijtimoiy xodim” maqomini mustahkamlash;
bolalarga ruhiy-pedagogik, taʼlim va reabilitatsiya dasturlarini amalga oshirish yoʻli bilan amaliy yordam koʻrsatish;
bolalar huquqlarini himoya qilish, bolalar psixologiyasi va yoshga oid psixologiya, pedagogika, tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini, bolalarning zaif guruhlarini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy moslashtirish sohasidagi xalqaro tajribani keng jamoatchilikka yetkazish yoʻli bilan bolalarni ijtimoiy moslashtirish masalalarida maʼrifiy va targʻibot faoliyati, bolalarning ijtimoiy moslashtirish masalalarini hal etishga barcha manfaatdor tomonlarni jalb etish.
III. Markazning huquq va majburiyatlari
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar, sogʻliqni saqlash muassasalari mutaxassislarini, nodavlat tashkilotlar vakillarini, shuningdek xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etish;
vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish organlaridan Markazga yuklangan vazifalar doirasida zarur axborotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda soʻrash va olish;
bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashish;
bolalarning ijtimoiy moslashuvi muammolarini oʻrganish sohasidagi tadqiqotlar dasturini shakllantirish va uni amalga oshirish uchun davlat budjetidan mablagʻlar olish;
xalqaro hamkorlik dasturlarida qatnashish, xalqaro tashkilotlar, jamgʻarmalar, markazlar, oʻquv yurtlari bilan birgalikda xayriya tadbirlari oʻtkazish, tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
shartnoma asosida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy-amaliy ishlarni va ishlanmalarni amalga oshirish, bolalarni ijtimoiy moslashtirish sohasida maslahatlar berish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish, bolalarni ijtimoiy-psixologik reabilitatsiya qilish va moslashtirish muammolari boʻyicha axborot-tahliliy sharhlar, maʼruzalar va axborotnomalar chiqarish;
Mamlakat mintaqalarida filiallar va boʻlimlar tashkil etish.
Markaz Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Qonunchilikka muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat turlari Markaz tomonidan tegishli organlardan litsenziya olingandan keyin amalga oshiriladi.
11. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har yili bolalarni ijtimoiy-psixologik moslashtirish masalalari boʻyicha oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
IV. Markaz tuzilmasi va boshqaruv organlari
12. Markaz tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi;
Ota-onalari qarovisiz qolgan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi;
Ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi;
Bolalarning huquqiy muammolarini oʻrganish boʻlimi;
Ijtimoiy ishlar boʻlimi;
Alohida iqtidorli bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi;
Axborot-konsalting xizmati;
“Bola va Zamon” jurnali tahririyati;
Xoʻjalik taʼminoti boʻlimi;
Buxgalteriya;
Yuridik maslahatchi.
Markaz oldida turgan vazifalarni samarali bajarish maqsadida bolalarni ijtimoiy moslashtirishning dolzarb muammolari boʻyicha belgilangan tartibda boshqa tarkibiy boʻlinmalar ham tashkil etilishi mumkin.
13. Bolalarning maqsadli guruhlarini ijtimoiy moslashtirishning eng dolzarb muammolarini ishlab chiqish, ularni hal qilish yuzasidan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun Markazda shartnoma asosida boshqa muassasalar va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda vaqtinchalik ishchi guruhlar va loyihalar tuzilishi mumkin.
14. Oʻzbekistonda bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish hamda Markaz faoliyati bilan bogʻliq vazifalarni samarali hal etish maqsadida uning huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, Markaz direktori rahbarlik qiladigan Bolalarning zaif guruhlarini ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoring oʻtkazish Jamoat kengashi hamda maslahat beruvchi Ilmiy-metodik kengash tashkil etiladi.
Bolalarning zaif guruhlarini ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoring oʻtkazish Jamoat kengashi hamda Ilmiy-metodik kengash tarkibiga vazirliklar va idoralar, davlat muassasalari va nodavlat tashkilotlar ekspertlari kiritiladi. Bolalarning zaif guruhlarini ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoring oʻtkazish Jamoat kengashi hamda Ilmiy-metodik kengash toʻgʻrisidagi nizom va ularning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
15. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan direktor boshchilik qiladi hamda oʻz faoliyati toʻgʻrisida unga hisobot beradi.
16. Markaz direktori:
Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda Markaz nomidan vakillik qiladi;
belgilangan tartibda xodimlarning shtat jadvalini, ularni moddiy ragʻbatlantirish va taqdirlash miqdorlari va shakllarini tasdiqlaydi, taklif etiladigan mutaxassislar uchun mehnatga haq toʻlash miqdorlarini belgilaydi;
Markaz xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Markaz faoliyatining yillik ish rejalarini tasdiqlaydi;
har bir yil yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaz faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;
Markaz tomonidan tashkil etilgan boʻlimlar va filiallar faoliyatini nazorat qiladi.
Direktor Markazning joriy faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni ham hal qiladi.
17. Markaz direktori, zarurat boʻlganda, xodimlarning belgilangan soni doirasida Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
V. Markazni moliyalashtirish manbalari va uning mol-mulki
18. Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat budjeti mablagʻlari;
shartnoma asosida bajariladigan ishlar uchun Markaz faoliyatidan olingan mablagʻlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar.
19. Asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqalar) hamda aylanma mablagʻlar, shuningdek qiymati Markazning mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa boyliklar Markazning mol-mulkini tashkil qiladi.
20. Shartnoma asosida bajarilgan ishlar uchun Markaz tomonidan olingan daromad soliqlar va budjetga boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin mazkur Ustavda belgilangan vazifalarni bajarishga yoʻnaltiriladi.
VI. Hisobga olish, hisobot va nazorat
21. Markaz oʻz faoliyati natijalarining tezkor buxgalteriya hisobini, statistika hisobotini yuritadi, hisobot maʼlumotlari va balans hisob-kitoblarining ishonchliligini taʼminlaydi.
22. Markazning moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
VII. Markazni qayta tashkil etish va tugatish
23. Markazni qayta tashkil etish yoki tugatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
