Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (2967-son)
06.02.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 6-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2967]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 744-son “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, shuningdek kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohasida davlat nazoratini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan bir oy oʻtgach kuchga kiritiladi.
Vazir R. DJURAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-dekabr,
529-son
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2017-yil 27-dekabrdagi 529-son buyrugʻiga ILOVA
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish
qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi (bundan buyon matnda Inspeksiya deb yuritiladi) tomonidan kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi tushunchalar va atamalar qoʻllaniladi:
kVt — kichik hajmli kema dvigatelining ot kuchi;
registr tonna — kemaning hajmiy tonnalar bilan koʻrsatiladigan sigʻimi;
kichik hajmli kemalar — asosiy dvigatellar quvvati 55 kVtdan (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, motorlarning quvvati va sonidan qatʼi nazar, osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻziyurmas kemalar, shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar.
3. Inspeksiya tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemalar roʻyxatdan oʻtkaziladi.
4. Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) uchun mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq toʻlov undiriladi.
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) uchun undiriladigan pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari fondiga oʻtkaziladi.
2-bob. Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish
5. Kichik hajmli kemalarning barcha turlari roʻyxatdan oʻtkazish kitobiga (bundan buyon matnda kema kitobi deb yuritiladi) tegishli qaydlarni kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Motorli kemalar mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi Motorli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobiga;
Eshkakli kemalar mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi Eshkakli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobiga qayd qilish yoʻli bilan roʻyxatga olinadi.
Roʻyxatdan oʻtkazilgan kichik hajmli kemalarga mazkur Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq shaklda kema bileti beriladi.
Motorli va eshkakli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazishda kema kitobiga hamda kema biletiga “Roʻyxatga olindi” degan shtamp bosiladi.
Yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemalar yuridik shaxsning yuridik manzili boʻyicha, jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemalar jismoniy shaxslarning doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
6. Roʻyxatdan oʻtmagan kichik hajmli kemalardan foydalanish taqiqlanadi.
Roʻyxatdan oʻtgan motorli kichik hajmli kemalarni boshqarishga bunday kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat etiladi.
7. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kichik hajmli kemalar xarid qilinganda texnik holatidan qatʼi nazar, bir oy ichida roʻyxatdan oʻtkazilishi (qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi) shart.
8. Roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng, kichik hajmi kemalar har yili foydalanishga yaroqliligini tasdiqlovchi shtamp qoʻyish yoʻli bilan texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
9. Manfaatdor shaxslar kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli hududiy boshqarmalariga mazkur Qoidalarning 5-ilovasiga muvofiq shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
kema mulkdorining yoki vakolatli vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
kema yoki kema dvigatellarining (osma motorlarining) xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar (tovar cheki, oldi-sotdi, hadya shartnomasi, vasiyat boʻyicha mulkka egalik qilish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma va boshqalar);
roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisida kvitansiya.
10. Kichik hajmli kemalarga mazkur Qoidalarning 6-ilovasiga muvofiq bort raqamlari beriladi.
Motorli kemalarning bort raqamlari 7 ta liter raqam va belgidan iborat boʻlib, ularning birinchi 2 ta liter belgisi — kema biriktirilgan hudud kodini, 3-liter belgisi — lotin alifbosi harfini, keyingi 4 ta liter belgisi — kema kitobida roʻyxatga olingan raqamlarni bildiradi.
Eshkakli kemalarning bort raqami 6 ta liter raqam va belgidan iborat boʻlib, ularning birinchi 2 ta liter belgisi — kema biriktirilgan hudud kodini, 3-liter belgisi — lotin alifbosi harfini, keyingi 3 ta liter belgisi — kema kitobida roʻyxatga olingan raqamlarni bildiradi.
11. Bort raqamlari oʻchmaydigan kontrast boʻyoqda forshtevendan (kema tag yogʻochining kema tumshugʻiga oʻtgan tomoni) kichik hajmli kema korpusi uzunligidan 1/4 oʻlchov uzoqlikda bir qator yozuv bilan har ikki tomonda koʻrsatiladi. Harf va raqamlarning balandligi kamida 150 mm, eni 80 mm, harf va raqamlar chizigʻining kengligi 15 — 20 mm. boʻlishi lozim.
12. Voyaga yetmagan shaxslar nomiga roʻyxatdan oʻtkizilgan kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan chiqarishda ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillarining yozma roziligi talab etiladi.
3-bob. Kichik hajmli kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish
13. Kichik hajmli kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
kichik hajmli kema mulkdori oʻzgarganda;
kichik hajmli kema mulkdorining doimiy yashash joyi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri yoki bir viloyatdan boshqa viloyatga oʻzgarganda;
kichik hajmli kemani qayta jihozlanishi natijasida kema biletidagi maʼlumotlar oʻzgarganda.
14. Kichik hajmli kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish kema bileti hamda mazkur Qoidalarning 9-bandida koʻrsatilgan tegishli hujjatlar taqdim qilinganda amalga oshiriladi.
15. Kichik hajmli kemalar qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda kema egasiga yangi bort raqamlari va kema bileti topshiriladi, kema kitobiga tegishli yozuvlar kiritiladi.
16. Kema bileti yoʻqolganda, yaroqsiz holga kelganda mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq toʻlov amalga oshirilgach, kema egasining arizasiga koʻra kema biletining dublikati beriladi.
17. Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan va qayta roʻyxatdan oʻtkazishda kema toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar kema kitobiga yozib qoʻyiladi.
18. Kema kitobi va maʼlumotlarning elektron bazalari motorli kemalar hamda eshkakli, yelkanli va boshqa motorsiz kemalar uchun alohida yuritiladi.
4-bob. Kichik hajmli kemani roʻyxatdan chiqarish
19. Kichik hajmli kema tiklashga va foydalanishga yaroqsiz holga kelganda roʻyxatdan chiqariladi.
20. Kichik hajmli kemani roʻyxatdan chiqarish uchun kema mulkdori mazkur Qoidalarning 7-ilovasiga muvofiq shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
21. Kichik hajmli kemani roʻyxatdan chiqarishda texnik koʻrik oʻtkazilib, dalolatnoma rasmiylashtiriladi va bu haqida kema kitobiga va roʻyxatga olish kartochkasiga tegishli yozuvlar kiritiladi.
22. Kichik hajmli kema roʻyxatdan chiqarilganda, kema bileti oʻz kuchini yoʻqotib, 5 yil mobaynida Inspeksiyada saqlanadi. Roʻyxatdan chiqarilgan kemalarning bort raqamlari boshqa suzish vositasiga 5 yil muddat ichida berilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
24. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri B. XODJAYEV
2017-yil 27-noyabr
Qishloq va suv hoʻjaligi vaziri Z. MIRZAYEV
2017-yil 27-noyabr
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi oʻrinbosari Sh. ShAVAXABOV
2017-yil 27-noyabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2017-yil 27-noyabr
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 1-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) uchun belgilangan
TOʻLOVLAR PREYSKURANTI
T/r Xizmat koʻrsatish turi Toʻlov miqdori 1. Osma va statsionar dvigatelli kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) hamda kichik hajmli kema bileti uchun Bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi 2. Eshkakli va yelkanli kemalarning barcha turlarini, shu jumladan, shishiriladigan turlarini roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) uchun Bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi 3. Kichik hajmli kema bileti dublikatini berish uchun Bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 2-ILOVA
Motorli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobi Kitobning tashqi tarafi, titul varagʻi: Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi KEMA KITOBI (motorli kemalar uchun) Viloyat (shahar) ____________ Boshlandi: ________________ Tugadi: ___________________ Ichki tarafi, chap tomoni: T.r Roʻyxatdan oʻtkazish sanasi Kemani roʻyxatga olish raqami Kema mulkdori F.I.O. Kema mulk�ori manzili Kema turi Kema ishlab chiqarilgan yili va joyi Zavod raqami Kema korpusi Material 1 2 3 4 5 6 7 8 9 Ichki tarafi, oʻng tomoni: Kema korpusi (oʻlchami) Yoʻlovchilar soni va yuk koʻtarish qobiliyati Suzish joyi va uning sharoitlari Dvigatel Kema biletini olish sanasi va oluvchining imzosi Alohida belgilar va roʻyxatdan chiqarish asoslari Uzunligi, m. Eni, m. Bort balandligi, m. Marka, turi Soni, zavod raqami Ot kuchi (kVt) 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 3-ILOVA
Eshkakli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobi Kitobning tashqi tarafi, titul varagʻi: Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi KEMA KITOBI (eshkakli kemalar uchun) Viloyat (shahar) ____________ Boshlandi: ________________ Tugadi: ___________________ Ichki tarafi, chap tomoni: T.r Roʻyxatdan oʻtkazish sanasi Kemani roʻyxatga olish raqami Kema mulkdori F.I.O. Kema mulkdori manzili Kema turi Kema ishlab chiqarilgan yili va joyi Zavod raqami Kema korpusi Material 1 2 3 4 5 6 7 8 9 Ichki tarafi, oʻng tomoni: Kema korpusi (oʻlchami) Yoʻlovchilar soni va yuk koʻtarish qobiliyati Suzish joyi va uning sharoitlari Kema biletini olish sanasi va oluvchining imzosi Al�hida belgilar va roʻyxatdan chiqarish asoslari Uzunligi, m. Eni, m. Bort balandligi, m. 10 11 12 13 14 15 16
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 4-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 5-ILOVA
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining 2021-yil 23-martdagi 86-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2967-2, 07.04.2021-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 10/21/2967-2/0304-son)
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 6-ILOVA
Eshkakli va motorli kichik hajmli kemalarning bort raqamlari shakli
Bort raqami forshtevendan korpusning 1/4 uzunligi qismida bir qatorda kemaning ikki tomonida yuvilmaydigan kontrast boʻyoq yordamida yoziladi.
Harf va raqamlarning balandligi 150 mm. dan, kengligi 80 mm. dan kam boʻlmasligi va harf va raqamlar chizigʻining kengligi 15 — 20 mm. boʻlishi shart.
1-rasm. Motorli kemalarning bort raqamlari 7 ta liter raqam va belgidan iborat boʻlib, ularning birinchi 2 ta liter belgisi — kema biriktirilgan hudud kodini, 3-chi liter belgisi — lotin alifbosi harfini, keyingi 4 ta liter belgisi — kema kitobida roʻyxatga olingan raqamlarni bildiradi.
2-rasm. Eshkakli kemalarning bort raqami 6 ta liter raqam va belgidan iborat boʻlib, ularning birinchi 2 ta liter belgisi — kema biriktirilgan hudud kodini, 3-liter belgisi — lotin alifbosi harfini, keyingi 3 ta liter belgisi — kema kitobida roʻyxatga olingan raqamlarni bildiradi.
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 7-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2018-y., 10/18/2967/0659-son; 10.06.2020-y., 10/20/2967-1/0729-son; 07.04.2021-y., 10/21/2967-2/0304-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
