Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini va qatʼiy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni roʻyxatdan oʻtkazishda, qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan toʻlovlar stavkalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (2303-2-son)
08.02.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 8-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2303-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-apreldagi PQ-2883-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1010-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 23-noyabrdagi 174-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2303, 2011-yil 21-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 51-son, 552-modda) bilan tasdiqlangan Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini va qatʼiy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni roʻyxatdan oʻtkazishda, qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan toʻlovlar stavkalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-yanvar,
11-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 11-yanvardagi 11-son buyrugʻiga ILOVA
Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini va qatʼiy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni roʻyxatdan oʻtkazishda, qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan toʻlovlar stavkalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 9 va 10-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Yuridik shaxslarga tegishli: Yuk va maxsus avtotransport vositalari uchun — eng kam ish haqining 40 foizi miqdorida; avtobuslar (mikroavtobuslar) uchun — eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida; yengil avtotransport vositalari uchun — eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida; mototransport vositalari va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun — eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida.” 10. Jismoniy shaxslarga tegishli: Yuk va maxsus avtotransport vositalari uchun — eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida; avtobuslar (mikroavtobuslar) uchun — eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida; yengil avtotransport vositalari uchun — eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida; mototransport vositalari va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun — eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida.”.
2. IV bobning izohi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh:
Avtomototransport vositalarini va ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni navbatdagi texnik koʻrikdan oʻtkazishning ilgari oʻrnatilgan muddatlaridan qatʼi nazar, ular Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkaziladi va belgilangan miqdorda toʻlov undiriladi.
Jismoniy shaxslarga tegishli yengil (M 1 toifadagi) avtotransport vositalari tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilganda 10-bandda belgilangan toʻlov Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlari tomonidan undirilmaydi. Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalari uchun 10-bandda belgilangan toʻlov 2019-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
2018-yil 11-yanvar
