“5061-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (O‘RQ-463-son) · Sana: 29.01.2018 · Amalda
Sud ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
1) birinchi instansiya sudining hukmini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilishga va oqlov hukmi chiqarishga;
3) birinchi instansiya sudining oqlov hukmini bekor qilishga va ayblov hukmi chiqarishga;
4) birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilishga va ishni tugatishga;
5) birinchi instansiya sudining hukmini oʻzgartirishga, shu jumladan ayblov hajmini, jinoyat tavsifini oʻzgartirishga, jazoni yengillashtirishga yoki kuchaytirishga, xuddi shuningdek ogʻirroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllashga haqli.
Agar birinchi instansiya sudi ish yuzasidan kamchiliklarga yoki sud tergovini bir tomonlama olib borishga yoxud protsessual qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudiga yangidan sudda koʻrib chiqishga yubormay, kamchiliklarni toʻldirish, protsessual qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi hamda koʻrib chiqish natijalarini inobatga olgan holda tegishli qaror qabul qiladi.
Birinchi instansiya sudining ayblov hukmi jabrlanuvchining, uning vakilining shikoyati yoki prokurorning protesti boʻlgan taqdirdagina mahkumning ahvolini ogʻirlashtirish tomonga oʻzgartirilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudining oqlov hukmi kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan faqat jabrlanuvchining, uning vakilining shikoyati yoki prokurorning protesti boʻyicha bekor qilinib, ayblov hukmi chiqarilishi mumkin.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida qanday asoslarga koʻra birinchi instansiya sudining hukmi toʻgʻri deb, shikoyatning yoki protestning vajlari esa asossiz deb topilganligi, birinchi instansiya sudining hukmini bekor qilishga yoki uni oʻzgartirishga nimalar asos boʻlganligi koʻrsatilishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish chogʻida birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirib koʻrilgan va ishonchli deb topilgan dalillarga kassatsiya shikoyatlarini, protestlarini koʻrib chiqishda tekshirilgan yangi dalillarni qoʻshgan holda tayanishga haqli.
