Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3494-son)
25.01.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, fuqarolarning sogʻliqni saqlashga doir huquqlarini davlat tomonidan kafolatlanishini taʼminlash, fuqarolarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining barcha qatlamlarini tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun sharoit yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2017-yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va bu hududlarning ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplash imkonini berdi, tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash esa 2 baravar koʻpaydi.
Shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatining tashkiliy asoslari shakllantirilganiga qaramay, hanuzgacha uning samaradorligi zamon talablariga javob bermaydi, tez tibbiy yordam koʻchma brigadalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar, shuningdek ixtisoslashtirilgan tibbiy jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi yetarli emasligicha qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4985-sonli Farmoniga muvofiq hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, shu jumladan tez tibbiy yordam xizmatining tezkorligi, samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam mulkiy shakli va boshqaruvidan qatʼi nazar barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul koʻrsatiladi;
hayot uchun xavf tugʻdiruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam koʻrsatishni rad etish taqiqlanadi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-yilda shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi (bundan buyon — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tez tibbiy yordam xizmatining sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini muassasalari bilan samarali integratsiyasini taʼminlash mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish orqali tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini, koʻrsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirish;
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (bundan buyon — RSHTYOIM), uning filiallari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
tez tibbiy yordam xizmati ixtisoslashtirilgan avtotransportini zamonaviy tibbiy uskunalar va raqamli radioaloqa vositalari (ratsiyalar) bilan jihozlash va qoʻshimcha jihozlash;
shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal rivojlantirishni taʼminlaydigan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlari hamda ilgʻor texnologiyalarni hisobga olgan holda tibbiy kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi va RSHTYOIM hududiy filiallari tez tibbiy yordam stansiyalari negizida butun respublika hududida tez tibbiy yordamni shoshilinch chaqirishga moʻljallangan tunu-kun ishlaydigan yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini taʼminlaydigan Call-markazlar tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maqullansin.
4. Tez tibbiy yordam tizimini ixtisoslashtirilgan avtotransport bilan jihozlash normativlari va ulardan foydalanish muddatlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati koʻchma brigadasini tibbiy uskunalar va inventarlar bilan jihozlash tabeli 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrnatilgan tartibda:
bir oy muddatda tez tibbiy yordam toʻgʻrisida nizom hamda tez tibbiy yordam brigadalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashning yangilangan normativlarini tasdiqlasin;
mazkur qaror qabul qilinishini inobatga olgan holda bir oy muddatda, bemorlarni respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga shoshilinch yotqizilishini talab etuvchi kechiktirib boʻlmaydigan holatlar Roʻyxatini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar toʻliq va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Call-markazlar faoliyatini tashkil etish uchun shifokor, oʻrta tibbiy va texnik xodimlar lavozimlarini joriy etish yoʻli bilan tez tibbiy yordam xizmatining yangilangan shtat meʼyorlarini qayta koʻrib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek, ularni aholiga samarali va sifatli tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan malakali tibbiy kadrlar bilan qoʻshimcha taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 1-fevralidan tez tibbiy yordam brigadalari haydovchilariga ularga bemorlarni tashish boʻyicha qoʻshimcha ravishda yuklatilgan funksiyalarni bajargani uchun, agar sanitar shtati mavjud boʻlmasa, tarif stavkasida 30 foiz miqdorida ustama toʻlashni joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun har yili zarur budjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari tez tibbiy yordam tizimining avtogaraj xoʻjaligiga doir talablarga rioya etilishi, uning moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlanganligi, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadasi ixtisoslashtirilgan avtotransportining uzluksiz ishlashi uchun shaxsan javobgardirlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar boʻyicha Davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini (zayomlarini) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish yuzasidan zarur choralar koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda tibbiyot muassasalari rahbarlarini mazkur muassasalar tomonidan shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni asossiz ravishda rad etilgani uchun maʼmuriy javobgarlikga tortishni nazarda tutuvchi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi 2018-yilda shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi bajarilishining tahlillariga asosan, 2019-yilda shoshilinch tibbiy yordam tizimidagi kompleks tadbirlarni yanada takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q. Akmalov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-yanvar,
PQ-3494-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PQ-3494-son qaroriga 1-ILOVA
2018-yilda shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari
DASTURI
Izoh: har bir loyihaning yakuniy qiymati loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, oʻtkazilgan savdolar (tanlovlar) natijalari boʻyicha hamda kelishuvlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PQ-3494-son qaroriga 2-ILOVA
Tez tibbiy yordam tizimini maxsus avtotransport bilan taʼminlash meʼyorlari va ulardan foydalanish muddatlari
MEʼYORLARI
* Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga 10 dona maxsus avtotransport vositasi (Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi uchun), shuningdek, har 500 000 kishi uchun hisoblagan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga 1 donadan maxsus avtotransport vositalari ajratiladi.
Respublikaning olis hududlaridagi aholiga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligiga hududlarning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda mazkur normativga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PQ-3494-son qaroriga 3-ILOVA
Bitta tez tibbiy yordam koʻchma brigadasini tibbiy moslamalar va inventar bilan taʼminlash
TABELI
Izoh. Har bir podstansiyadagi dispetcher xonasida tugʻruq boʻyicha chaqiruvlar boʻlganda koʻchma brigadalar tomonidan foydalaniladigan akusherlik sandiqchasi boʻladi.
Akusherlik sandiqchasida quyidagilar saqlanadi:
1. Bir martalik xalat — 1 dona;
2. Taglik kleyonka — 1 dona;
3. Sterillangan jarrohlik qoʻlqopi — 2 juft;
4. Grusha — 1 dona;
5. Qisqich — 2 dona;
6. Qaychi — 1 dona;
7. Bogʻlash materiali (sterillangan);
8. Sterillangan yoʻrgak — 2 dona.
