Chegaradosh davlatlarning yuk avtotransport vositalari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali oʻtishi uchun yagona yigʻimlar belgilash toʻgʻrisida (552-son)
31.12.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chegaradosh davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali kirib kelishi va tranziti uchun yagona yigʻimlar belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan Qozogʻiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi yuk avtotransport vositalariga nisbatan toʻlovning yagona normalari, shuningdek Turkmanistonning avtotransport vositalari barcha turlariga nisbatan yigʻimlarning tabaqalashtirilgan stavkalari belgilanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2000-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtadigan Qirgʻiziston Respublikasi yuk avtotransport vositalari uchun 300 AQSh dollariga teng miqdordagi toʻlov belgilansin, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʻnalishlar boʻyicha oʻtadigan yuk avtotransport vositalari va avtobuslar bundan mustasno.
3. Qirgʻiziston Respublikasi bitta yuk avtotransporti vositasi va avtobusining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududi orqali kirib kelishi va oʻtishi uchun toʻlov bevosita bojxona postlarida milliy valyuta “soʻm”da undirilishi belgilab qoʻyilsin.
Qirgʻiziston Respublikasi yuk avtotransporti vositalari va avtobuslaridan toʻlovlar bevosita bojxona postlarida undiriladi, olingan mablagʻlar tijorat banklari boʻlimlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasining valyuta hisob raqamiga oʻtkaziladi
Yigʻimlarni undirish naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida naqd pul shaklida amalga oshiriladi, olingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari L.A. Axmetov va R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1999-yil 31-dekabr,
552-son
