53-modda. Maʼmuriy hujjatning mazmuni
Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida (O‘RQ-457-son) · Sana: 08.01.2018 · Amalda
Maʼmuriy hujjat qonuniy, asoslangan, adolatli, aniq va tushunarli boʻlishi kerak.
Maʼmuriy hujjatda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) maʼmuriy hujjatning nomi va u qabul qilingan sana;
2) maʼmuriy hujjatni qabul qilgan maʼmuriy organning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
3) maʼmuriy ish yuritish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi axborot;
4) maʼmuriy hujjat orqali hal qilinadigan masalaning tavsifi (tavsif qismi);
5) maʼmuriy hujjatning asosi (asoslantiruvchi qismi);
6) qabul qilingan qaror bayoni (xulosa qismi);
7) maʼmuriy hujjat ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi;
8) maʼmuriy organning maʼmuriy hujjatni qabul qilgan mansabdor shaxsining (kollegial organ aʼzolarining) lavozimi, ismi va familiyasi.
Maʼmuriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan maʼmuriy hujjatda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin:
muayyan huquqning yoki majburiyatning kuchga kirish, oʻz kuchini yoʻqotish payti yoki amal qilish muddati;
muayyan hodisaga yoki kelajakda huquqning yoxud majburiyatning kuchga kirishi yoki oʻz kuchini yoʻqotishi bilan bogʻliq boʻlgan shartga doir koʻrsatma;
maʼmuriy hujjatni bekor qilish huquqi yoki kelgusida qoʻshimcha farmoyishlar berish huquqi maʼmuriy organda saqlanib qolishi toʻgʻrisidagi izoh;
adresatga muayyan harakatlarni amalga oshirish, amalga oshirishga yoʻl qoʻyish yoki amalga oshirishdan tiyilish xususida koʻrsatma beruvchi qoʻshimcha farmoyishlar.
