17-modda. Arxiv hujjatlaridan foydalanish
Arxivlar toʻgʻrisida (768-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar davlat arxiv fondining arxiv hujjatlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanadilar.
Nodavlat arxiv fondining hujjatlari, shu jumladan jismoniy shaxslarning xususiy mulki sifatida oʻzida saqlanayotgan arxivlar yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi uchun fond egalarining roziligi bilan berilishi mumkin boʻlib, ular arxiv hujjatlarining asralishini taʼminlash maqsadida ulardan foydalanishni cheklashlari mumkin. Cheklashlar xizmat topshirigʻini bajarayotgan huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi organlarning xodimlariga nisbatan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda tatbiq etilmaydi.
Arxiv hujjatlarining mahfiylik darajasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlat va tijorat sirini oʻz ichiga olgan hujjatlaridan foydalanishga doir cheklashlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tugʻdiruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlaridan foydalanishga doir cheklashlar, hujjatlar tayyorlangan vaqtdan eʼtiboran yetmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin ana shunday hujjatlardan foydalanishga fuqaroning oʻzi tomonidan, uning vafotidan soʻng esa — uning merosxoʻrlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
Davlat arxiv muassasalari davlat arxiv fondi hujjatlaridan foydalanishni ular ilmiy-texnik ishlovdan oʻtkazilayotgani yoki qayta tiklanayotgani munosabati bilan cheklab qoʻyish huquqiga egadir.
