Portlash xavfi boʻlgan muhitlarda ishlovchi asbob-uskunalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida (941-son)
24.11.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, portlash xavfi boʻlgan muhitlarda ishlovchi asbob-uskunalarning xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Portlash xavfi boʻlgan muhitlarda ishlovchi asbob-uskunalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach amalga kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach standartlashtirish boʻyicha ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan normativ hujjatlarning majburiylik xususiyatini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab portlash xavfi boʻlgan muhitlarda ishlovchi asbob-uskunalarni standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriylikni taʼminlash yuzasidan vakolatli organlar bilan birgalikda belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrsin.
4. “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov, “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A.U. Karimov va “Sanoatgeokontexnazorat davlat inspeksiyasi boshligʻi B.V. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-noyabr,
941-son
