6-modda. Birinchi toifali rezerv safini toʻldirish
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida (478-II-son) · Sana: 25.04.2003 · Amalda
Birinchi toifali rezerv safi harbiy xizmatni chaqiruv yoki kontrakt boʻyicha oddiy askarlar, serjantlar lavozimlarida oʻtagan — oʻttiz besh yoshgacha boʻlgan, kichik ofitserlar lavozimlarida oʻtagan — qirq yoshgacha boʻlgan, katta ofitserlar lavozimlarida oʻtagan — ellik yoshgacha boʻlgan, generallar tarkibi lavozimlarida oʻtagan — ellik besh yoshgacha boʻlgan harbiy xizmatga majburlar orasidan toʻldiriladi.
Birinchi toifali rezerv birinchi va ikkinchi navbatga boʻlinadi.
Birinchi navbatdagi rezerv safi Qurolli Kuchlarning tegishli qoʻshilmalari, qismlari va boʻlinmalariga biriktirib qoʻyiladigan, eng yaxshi tayyorgarlik koʻrgan rezervchilar orasidan Qurolli Kuchlarning jangovar qoʻshilmalari, qismlari va jangovar taʼminot boʻlinmalari safini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar toʻldirish uchun moʻljallangan boʻlib, ularning tarkibida bunday rezervchilarning jangovar tayyorgarligi amalga oshiriladi va jangovar maqsadlarda qoʻllanilishi rejalashtiriladi.
Ikkinchi navbatdagi rezerv safi Qurolli Kuchlarning jangovar qoʻshilmalari, qismlari, jangovar taʼminot boʻlinmalariga biriktirib qoʻyilmagan rezervchilar orasidan toʻldiriladi hamda zarurat boʻlganda birinchi navbatdagi rezerv safini toʻldirish uchun moʻljallangan boʻladi.
Birinchi toifali rezervda turgan harbiy xizmatga majburlar rezervda boʻlish yoshining chegarasiga yetganda yoki salomatligiga koʻra ikkinchi toifali rezervga yohud zaxiraga oʻtkaziladi.
