12-modda. Harbiy yigʻinlarning muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida (478-II-son) · Sana: 25.04.2003 · Amalda
Birinchi toifali rezervdagi harbiy xizmatga majburlar yiliga koʻpi bilan uch marta oʻquv-mashq harbiy yigʻinlariga jalb etilishi mumkin. Bu harbiy yigʻinlarning umumiy muddati bir yil ichida oʻttiz sutkadan oshmasligi kerak.
Ikkinchi toifali rezervdagi harbiy xizmatga majburlar yiliga koʻpi bilan ikki marta oʻquv-mashq harbiy yigʻinlariga jalb etilishi mumkin. Bu harbiy yigʻinlarning umumiy muddati bir yil ichida oʻn besh sutkadan oshmasligi kerak.
Birinchi va ikkinchi toifali rezervdagi harbiy xizmatga majburlarning muddati besh sutkagacha boʻlgan sinov harbiy yigʻinlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabining rejasi asosida, qoida tariqasida, besh yilda koʻpi bilan bir marta oʻtkaziladi.
Maxsus harbiy yigʻinlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq oʻtkaziladi. Rezervchilar bu harbiy yigʻinlarga bir yil ichida koʻpi bilan ikki oy muddatga jalb etiladilar.
Rezervchi mudofaa ishlari organidan harbiy yigʻinlar oʻtadigan joyga joʻnab ketgan kun harbiy yigʻinlarning boshlanishi hamda u harbiy qism qoʻmondoni tomonidan berilgan buyruqda koʻrsatilgan mudofaa ishlari organiga borib uchrashgan kun yigʻinlarning tugashi deb hisoblanadi.
