10-modda. Rezervchilarni tayyorlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida (478-II-son) · Sana: 25.04.2003 · Amalda
Rezervchilarni tayyorlash harbiy qismlar, oʻquv markazlari huzurida harbiy yigʻinlar tashkil etish va oʻtkazish yoʻli bilan, shuningdek safarbarlik oʻquv-mashqlari va mashgʻulotlarini oʻtkazish vaqtida amalga oshiriladi.
Rezervchilarni tayyorlashning asosiy mohiyati rezervchilar biriktirib qoʻyilgan boʻlinmalar tarkibida jangovar tayyorgarlik yuzasidan shaxsiy bilim, koʻnikma va mahoratni takomillashtirish, harakatlar taktikasini puxtalab olishdan iborat.
Rezervchilarni tayyorlashga quyidagilar kiradi:
oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlarni safarbarlikda ular uchun belgilab qoʻyilgan shtat lavozimlariga tayyorlash;
safarbarlik rejasiga koʻra oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlarni Qurolli Kuchlar safini toʻldirish uchun zarur ixtisosliklar boʻyicha qayta tayyorlash;
Qurolli Kuchlarning qoʻshilmalari, qismlari va boʻlinmalarini urush davri shtatlari darajasida jangovar tartibga solish;
Qurolli Kuchlar qoʻshilmalari va qismlarining safarbarlik rejalarida nazarda tutilgan ayrim chora-tadbirlarning bajarilishi muqarrarligini tekshirish;
harbiy yigʻinlarni oʻtkazish va jangovar vazifalarni hal etish davrida belgilangan qurol-yarogʻ va texnikalarni oʻrganish, ulardan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni saqlash, ularni ishlatish koʻnikmalarini orttirish, qurol-yarogʻ va texnikalarning yangi turlarini oʻzlashtirish.
