Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 2002-yil 4-iyundagi 197-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish haqida (380-son)
05.11.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan faoliyatning ayrim turlari amalga oshirilishini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2003-yil 1-yanvardan boshlab qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat yuridik shaxs shaklida tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari roʻyxatiga ulgurji savdo faoliyati kiritilsin.
2. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat yuridik shaxs shaklida tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 2002-yil 4-iyundagi 197-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 6-son, 30-modda):
1-bandning birinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
1-bandning ikkinchi xatboshidagi “ilova qilinayotgan roʻyxatga” soʻzlari “Tadbirkorlik subyektlari — faqat yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari roʻyxatiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-noyabr,
380-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-noyabrdagi 380-son qaroriga ILOVA
Tadbirkorlik subyektlari — faqat yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari
ROʻYXATI
Faoliyat turining nomi
1. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni yoxud bunday materiallar qoʻllanilgan buyumlarni sotib olish va sotish
2. Muhr va shtamplar tayyorlash
3. Mehmonxonalar, otellar va kempinglar tashkil etish
4. Yuridik shaxslarga kapital qurilish, qurilish-montaj ishlari boʻyicha xizmatlar koʻrsatish
5. Loyiha, loyiha-konstruktorlik faoliyati hamda loyihalar va smetalarni ekspertizadan oʻtkazish
6. Neft mahsulotlarining barcha turlarini sotish
7. Ulgurji savdo
8. Umumiy ovqatlanish sohasida xizmatlar koʻrsatish (uy sharoitlarida yoki joylardagi davlat hokimiyati organlari qarori bilan maxsus ajratilgan joylarda oʻtirish oʻrinlari tashkil etmasdan donali taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va sotish boʻyicha xizmatlar bundan mustasno).
9. Texnologiya jarayonlari va ishlab chiqarishni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlariga, raqamli dastur bilan boshqariladigan pretsizion va dastgoh asbob-uskunalarining radioelektron apparatlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash.
10. Telekoʻrsatuvlarni tarqatish (translatsiya qilish) — kabel tarmogʻi boʻyicha teleradiodasturlarni qayta translatsiya qilish tarmoqlariga xizmatlar koʻrsatish, shuningdek telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan foydalanish va telekommunikatsiyalar xizmatlari koʻrsatish.
11. Birjalarda brokerlik faoliyati.
12. Avtomobil transportida tijorat asosida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻlovchilar tashish faoliyati.
13. Tamaki xomashyosini fermentlash va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish.
14. Oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish va sotish
15. Alkogolli mahsulotlarni sotish.
16. Baholash faoliyati.
17. Goʻshtli yarimfabrikatlarni sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va ishlab chiqarish, shuningdek kolbasa mahsulotlari, goʻsht va baliq konservalarini sanoat yoʻli bilan ishlab chiqarish.
18. Xom sutni sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va sut mahsulotlari (pasterizatsiya qilingan sut, slivka, qaymoq, tvorog, qatiq mahsulotlari), shu jumladan pishloq, brinza, mol yogʻi, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan maʼqullangan barcha turlari), quruq sut, muzqaymoq va quyiltirilgan sut ishlab chiqarish.
19. Quyidagilar:
margarin va mayonez mahsulotlari;
konfet va shokolad (milliy shirinliklardan tashqari);
tuxum kukuni;
mineral suvlar, sharbatlar va salqin ichimliklarning boshqa turlari (shisha idishda, plastik, aseptik va noaseptik oʻramlarda);
shaxsiy gigiyena buyumlari;
qurilish materiallari (qoʻlda va qoʻl asboblari hamda kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda tayyorlanadigan materiallardan tashqari);
mebellar (badiiy xalq hunarmandchiligi va amaliy-dekorativ sanʼat buyumlaridan tashqari) ishlab chiqarish.
20. Polietilen xomashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish.
21. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, koʻpaytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati.
22. Yangi import avtomobillarni chakana savdoda sotish.
