Birjadan tashqari valyuta bozori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (294-son)
10.07.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 22-iyundagi 263-son qarorini bajarish hamda birjadan tashqari valyuta bozorining samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, banklararo valyuta savdolari qatnashchilari sonini koʻpaytirish va koʻlamlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar birjadan tashqari valyuta bozorida qatnashish va operatsiyalarni oʻtkazishning belgilangan tartibiga qatʼiy amal qilsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining “Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 29-iyundagi 245-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 6-son, 33-modda)ga 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 10-iyul,
294-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 10-iyuldagi 294-son qaroriga 2-ILOVA
Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Valyuta bilan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 22-iyundagi 263-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda birjadan tashqari valyuta bozorida tijorat banklari va yuridik shaxslar tomonidan xorijiy valyutani xarid qilish va sotish boʻyicha savdolarni amalga oshirish va hisob-kitob qilish tartibini belgilab beradi.
2. Birjadan tashqari valyuta bozorida quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:
b) tijorat banklari tomonidan oʻz mijozlaridan boʻsh valyuta mablagʻlarini shartnoma asosida xarid qilish;
v) xorijiy valyutani tovarlar va xizmatlar importi uchun xarid qilish;
g) xorijiy kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun xorijiy valyutani xarid qilish;
d) lizing shartnomalari boʻyicha lizing toʻlovlarini amalga oshirish (lizing beruvchilar mablagʻlarini qaytarish) uchun xorijiy valyutani xarid qilish;
e) xorijiy mamlakatlardagi Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalariga sarflanadigan xarajatlarni qoplash, xalqaro tashkilotlarga badallar toʻlash va davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan boshqa joriy xarajatlar uchun xorijiy valyutani xarid qilish;
j) xorijiy investorlarning foydasi, dividendlari va boshqa daromadlarini repatriatsiya qilish uchun xorijiy valyutani xarid qilish;
z) xizmat safari xarajatlarini toʻlash uchun xorijiy valyutani xarid qilish;
i) tijorat banklari tomonidan banklararo savdo sessiyasida mablagʻlarni xarid qilish va sotish;
l) naqd xorijiy valyutani almashtirish shoxobchalari orqali xarid qilish va sotish operatsiyalari.
l¹) xorijiy valyutani tovar-xomashyo birjalarining va qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchilari ochiq elektron savdolarda sotishdan olingan mablagʻlar hisobiga mijozlar — norezidentlar nomidan birja brokyerlari va investitsiya vositachilari tomonidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisobvaraqlari ochish yoʻli bilan mahsulotlarni tovar-xomashyo birjalarining va qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchilari ochiq elektron savdolarda sotishdan olingan mablagʻlar hisobiga norezidentlar — yuridik shaxslar tomonidan sotib olish va sotish;
m) qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa operatsiyalar.
3. Birjadan tashqari valyuta bozorida operatsiyalarni amalga oshirish uchun quyidagilar tijorat banklari valyuta mablagʻlarining asosiy manbalari hisoblanadi:
a) tijorat banklarining oʻz resurslari, shu jumladan taqsimlanmagan foyda;
v) tijorat banklari tomonidan shartnoma asosida oʻz mijozlaridan sotib olinadigan boʻsh valyuta mablagʻlari;
g) tijorat banklari tomonidan almashtirish shoxobchalari orqali va banklararo bitishuvlar boʻyicha sotib olingan mablagʻlar;
d) tijorat banklariga joylashtirilgan boshqa jalb qilingan mablagʻlar.
5. Birjadan tashqari valyuta bozori quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
banklararo valyuta bozori;
bevosita banklarda sodir etiladigan tijorat banki bilan uning mijozlari oʻrtasidagi xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalari;
naqd xorijiy valyuta bilan almashtirish shoxobchalari orqali valyuta-almashtirish operatsiyalari.
6. Tijorat banklariga ushbu Nizomga muvofiq oʻz mijozlarini banklararo valyuta savdolarida (savdo sessiyalarida) soʻmlarni xorijiy valyutaga konvertatsiya qilishga ruxsat berish yuzasidan huquq va javobgarlik yuklanadi.
7. Xorijiy valyutani xarid qilish va sotish boʻyicha operatsiyalar birjadan tashqari valyuta bozorida tijorat banklari orqali barcha yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
71. Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining xorijiy valyutasiga Yagona gʻazna hisobvaragʻidan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi orqali gʻaznachilik xizmati koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
II. Banklararo valyuta bozorida operatsiyalar oʻtkazish
8. Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari va Markaziy bank banklararo valyuta bozori qatnashchilari hisoblanadi.
9. Tijorat banklarining mijozlari banklararo valyuta bozori bitishuvlarida faqat oʻzlari mijozi hisoblangan tijorat banklari orqali qatnashishi mumkin. Ushbu holda tijorat banki bozorda mijozning topshirigʻiga koʻra oʻz nomidan ish koʻradi.
10. Banklararo savdo sessiyalarida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining valyuta resurslarini sotish va sotib olish operatsiyalari amalga oshiriladi.
12. Banklararo valyuta bitishuvlari Oʻzbekiston respublika valyuta birjasining (keyingi oʻrinlarda valyuta birjasi deb ataladi) bir haftada kamida ikki marta oʻtkaziladigan banklararo savdo sessiyalarida amalga oshiriladi.
Banklararo savdo sessiyasini oʻtkazish vaqti soat 11.00 dan 13.00 gacha etib belgilanadi.
13. Savdo qatnashchilari banklararo savdo sessiyasi boshlanishidan bir kun oldin xorijiy valyutani xarid qilish yoki sotishga oldindan buyurtmanomalar berishlari shart.
Bunda qatnashchilarning buyurtmanomalariga bank Boshqaruvi raisi tomonidan imzolangan xorijiy valyutaning manbalari va ulardan foydalanish maqsadlari toʻgʻrisidagi axborot ilova qilinadi.
14. Savdo qatnashchilarining operatsiyalarini oʻtkazish uchun yetarli boʻlgan xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari banklararo savdo sessiyalari boshlangungacha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi maxsus hisob raqamlariga deponentga qoʻyiladi.
Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi Banklararo savdo sessiyasi oʻtkaziladigan kundan oldingi kunda soat 16:00 gacha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga savdo qatnashchilaridan tushgan dastlabki buyurtmanomalar boʻyicha axborot beradi.
Yuqorida koʻrsatilgan shartlarni bajarmagan savdo qatnashchilari banklararo savdo sessiyasida qatnashishga qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xorijiy valyutadagi pul mablagʻlarini oldindan depozitga qoʻymasdan banklararo savdo sessiyalarida ishtirok etadi.
15. Soʻmga nisbatan xorijiy valyutaning boshlangʻich kursi sifatida oldingi banklararo savdo sessiyasida qayd qilingan kursdan foydalaniladi. Savdo boshlanguniga qadar savdo tizimida xorijiy valyutani xarid qilish va sotishga tushgan buyurtmanomalar boʻyicha axborot aks ettiriladi.
Agar savdoning boshlanishida xorijiy valyutani taklif etishning umumiy miqdori unga boʻlgan talabning umumiy miqdoridan ortiq boʻlsa, birja makleri xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan kursini pasaytiradi. Agar xorijiy valyutani taklif etishning umumiy miqdori unga boʻlgan talabning umumiy miqdoridan kam boʻlsa, birja makleri xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan kursini oshiradi.
16. Xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan kursini oʻzgartirishning eng kam birligi — 0,01 soʻm. Kursning navbatdagi oʻzgarishi dilyerlar savdo tizimiga birja makleri tomonidan oxirgi marta eʼlon qilingan kurs boʻyicha xorijiy valyutani xarid qilish yoki sotishga tushgan qoʻshimcha buyurtmanomalarni kiritganlaridan keyin amalga oshiriladi. Talab va taklif oʻrtasidagi tafovutdan kelib chiqqan holda birja makleri, savdo qatnashchilarining roziligi bilan kurs oʻzgarishi birligini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin.
Sotish yoki xarid qilishga navbatdagi qoʻshimcha buyurtmanoma tushgan taqdirda talab va taklif oʻrtasidagi tafovut belgisi oʻzgargan taqdirda eng oxirida berilgan buyurtmanoma fiksingni belgilash uchun zarur boʻlgan hajmda qoldiriladi.
17. Joriy savdolar uchun xorijiy valyutaning milliy valyuta – “soʻm”ga nisbatan qayd etilgan kursi xorijiy valyutaga talab va taklif mutanosibligiga erishilganidan keyin belgilanadi.
Bunda birja makleri fiksing sodir etilganligini va savdo sessiyasi yakunlanganligini eʼlon qiladi.
18. Savdo davomida tuzilgan barcha bitishuvlar uchun fiksing boʻyicha belgilangan xorijiy valyutaning milliy valyuta – “soʻm”ga nisbatan yagona kursi qoʻllaniladi.
22. Savdo tamom boʻlgandan keyin ikki soat mobaynida unda tuzilgan bitishuvlar tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.
Tijorat banklari valyuta birjasi bilan oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari savdolar oʻtkaziladigan kun tamom boʻlguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi maxsus hisob raqamlariga oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
Tijorat banklari bilan valyuta birjasi oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar savdolar oʻtkazilgandan keyingi kundan kechikmay amalga oshiriladi.
Valyuta birjasi bilan oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun oʻz vaqtida pul mablagʻlari bilan taʼminlanmagan xorijiy valyutani xarid qilish boʻyicha bitishuvlarning bir qismi valyuta birjasi qoidalariga muvofiq bekor qilinadi. Tijorat banklari tomonidan sotib olinmagan xorijiy valyuta Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan sotib olinadi.
Valyuta birjasi bilan oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun pul mablagʻlari oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlamagan tijorat banklariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va valyuta birjasi tomonidan belgilangan tartibda jarima jazolari qoʻllaniladi.
IV. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning birjadan tashqari valyuta bozorida qatnashishi
301. Sotib olingan va birja brokerining toʻlov topshirigʻi boʻyicha birja brokerining maxsus hisob raqamiga oʻtkazilgan xorijiy valyuta norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida yoki chet elda ochilgan bank hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
V. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan soʻmlarni xorijiy valyutaga konvertatsiya qilishga buyurtmanomalar taqdim etish
31. Xorijiy valyutani xarid qilish uchun tijorat banklarining mijozlari boʻlgan korxonalar va tashkilotlar bankka quyidagilarni taqdim etadilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha konvertatsiyaga buyurtmanoma;
b) xorijiy hamkor bilan tuzilgan kontrakt (shartnoma, bitim);
Valyutani xarid qilish maqsadiga bogʻliq ravishda mijozlar, shuningdek tijorat banklariga buyurtmanomalarning asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etadilar.
34. Xorijiy valyutadagi kreditlarga, shu jumladan lizing bitimlari boʻyicha kreditlarga xizmat koʻrsatishda tijorat bankiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar taqdim etiladi:
asosiy summani va foiz toʻlovlarini qaytarish jadvali (bank oʻtkazmalarini sodir etishning nazarda tutilgan va amaldagi sanalari koʻrsatilgan holda);
olingan yoki hukumat tomonidan kafolatlangan shartnomalar boʻyicha — hukumatlararo bitim nusxasi, Vazirlar Mahkamasining qarori yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan berilgan kafolatnoma;
kafolatlanmagan shartnomalar boʻyicha — kredit bitimining Markaziy bankda roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma.
35. Xorijiy investorlarning foydasi, dividendlari va boshqa daromadlari repatriatsiya qilinganda tijorat bankiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar taqdim etiladi:
foyda taqsimlanganligi (aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori) va dividentlar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat;
auditorlik firmasi yoki soliq organining xulosasi nusxasi;
konvertatsiyaga mablagʻlar hisob-kitobi;
dividendlar boʻyicha daromadga soliq boʻyicha soliq organlari tomonidan tasdiqlangan hisob-kitob va ushbu soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma.
351. Birja brokyerlari va investitsiya vositachilari tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotishdan va qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchilaridan olingan mablagʻlar hisobiga mijozlar — norezidentlar nomidan xorijiy valyutani sotib olishda tijorat bankiga qoʻshimcha ravishda:
tovar-xomashyo birjalari hisob-kitob-kliring palatasining konvertatsiya qilish uchun maxsus hisob raqamiga oʻtkazilgan summa mahsulotlarni tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotishdan va qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchilaridan olinganligining tasdiqnomasi asl nusxasini;
broker (investitsiya vositachisi) va norezidentlar — yuridik shaxslar oʻrtasida brokerlik xizmatlari koʻrsatishga tuzilgan shartnomalar nusxalarini taqdim etadilar.
VI. Taqdim etilgan buyurtmanomalarning tijorat banklari tomonidan koʻrib chiqilishi
36. Tijorat banki bank mijozlari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning birjadan tashqari valyuta bozoriga soʻmlarni xorijiy valyutaga konvertatsiya qilishga qoʻyilishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
Mijozlarning soʻmlarni konvertatsiya qilish boʻyicha buyurtmanomalarini koʻrib chiqish uchun tijorat banklarida ekspert guruhlar tashkil etiladi.
Ekspert guruh aʼzolari tarkibi va uning rahbari bank Boshqaruvining qarori bilan tasdiqlanadi.
37. Xorijiy valyutani xarid qilish va sotish buyurtmanomalarini qabul qilishda tijorat banklari:
ularni maxsus daftarlarda qayd etadi;
mijozlar taqdim etgan hujjatlarni va ularning hisob raqamlarida zarur boʻlgan pul mablagʻlarining mavjudligini tekshiradi;
Taqdim etilgan hujjatlar tijorat banklari ekspertlari tomonidan uch ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
Berilgan buyurtmanomaning belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlanganda ekspert guruh rahbarining qaroriga koʻra buyurtmanoma mijozga qayta ishlashga joʻnatiladi yoki rad etiladi hamda bu toʻgʻrida buyurtmanomalarni roʻyxatga olish daftariga tegishli qayd kiritiladi.
38. Taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga javob bergan hollarda ekspert guruh aʼzolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tasdiqlaydigan shakl boʻyicha tijorat bankining ekspert xulosasi tayyorlanadi.
Tijorat banki ekspert guruhining ijobiy qarori qabul qilingan kundan keyingi kundan kechikmay xorijiy valyuta xarid qilish uchun buyurtmanoma beradi.
39. Tijorat banklarining ekspert xulosalarini berish toʻgʻrisidagi qarorlar tijorat banki ekspert guruhining bank Boshqaruvi tomonidan belgilangan muddatlarda, lekin kamida haftasiga ikki marta oʻtkaziladigan yigʻilishlarda qabul qilinadi.
Ekspert xulosalarini qabul qilish, qayta ishlash uchun qaytarish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ekspert guruh yigʻilishining ekspert guruh barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan bayonnomasida qayd etiladi.
Ekspert guruh ijobiy qaror qabul qilgan buyurtmanomalar boʻyicha ekspert xulosalar tijorat banki boshqaruvining raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Bank Boshqaruvi raisi ekspert guruhning faoliyati, qabul qilinayotgan qarorlarning belgilangan talablarga muvofiqligi uchun shaxsan javob beradi.
VII. Bitishuvlarni amalga oshirish va tijorat banklarida hisob-kitoblarni rasmiylashtirish tartibi
40. Xorijiy valyutani xarid qilish va sotishga doir operatsiyalar tijorat banki va mazkur bankning mijozi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻrtasida tuziladigan, bankning vakolatli shaxslari, xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbari tomonidan ikki nusxada imzolanadigan va tomonlarning muhri bilan tasdiqlanadigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
41. Shartnomada tomonlar valyuta nomini, bitishuv xususiyatini, xorijiy valyutadagi summani, hisob-kitob qilish tartibi, tomonlarning majburiyatlari, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalarni aks ettiradilar. Tuzilayotgan shartnomalar tijorat banklari tomonidan maxsus jurnallarda roʻyxatga olib boriladi.
42. Amalga oshirilgan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitoblar ikki ish kuni mobaynida oʻtkaziladi.
Agar belgilangan muddat ichida hisob-kitoblar tugallanmagan boʻlsa, bitishuv bekor qilinadi.
43. Birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar tijorat banklari tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida bozor kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
44. Maxsus valyuta hisob raqamlariga qoʻshib qoʻyilgan mablagʻlar korxonalar va tashkilotlar tomonidan qatʼiyan maqsadli ravishda tuzilgan shartnomalarga muvofiq sarflanadi.
45. Bank mijozi tomonidan xarid qilinib, mijozning maxsus valyuta raqamiga qoʻshib qoʻyilgan vaqtdan eʼtiboran oʻn besh ish kuni mobaynida foydalanilmagan xorijiy valyuta, muqarrar ravishda tijorat bankiga qayta sotiladi hamda navbatdagi banklararo savdo sessiyasida sotuvga qoʻyiladi.
Bunda tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutani qayta sotish akseptsiz tartibda sotuv kunidagi kurs boʻyicha amalga oshiriladi.
Ilgari maxsus valyuta hisob raqamidan koʻchirilgan va foydalanilmaganligi yoki qaytarilmaganligi sababli mazkur hisob raqamiga qaytib tushgan valyuta ham qayta sotilishi shart.
VIII. Nazorat va hisobot
47. Korxonalar va tashkilotlar, tijorat banklarining rahbarlari mazkur Nizom talablariga rioya etilishi uchun shaxsan javob beradilar.
48. Tijorat banklari korxonalarning konvertatsiyaga buyurtmanomalar berishining toʻgʻriligi, xarid qilingan xorijiy valyutadan oʻz vaqtida va maqsadli foydalanilishi, valyutani tartibga solish va valyuta nazoratiga doir boshqa qonunchilik va meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
49. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boʻlinmalari tomonidan mazkur Nizomga muvofiq konvertatsiya qilinadigan summalarni belgilashning toʻgʻriligi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazib turiladi.
Ortiqcha konvertatsiya qilingan summalar aniqlanganda soliq organlarining koʻrsatmasi bilan ortiqcha konvertatsiya qilingan xorijiy valyuta vakolatli banklar tomonidan korxonalarning hisob raqamlaridan koʻchiriladi hamda mazkur summalar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob raqamlariga qoʻshib qoʻyiladi.
50. Mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibga rioya etmaslik tijorat banklarini vaqtinchalik, 6 oy muddatgacha ichki valyuta bozorida chet el valyutasini xarid qilish huquqidan mahrum etish uchun asos boʻlishi mumkin.
51. Tijorat banklari birjadan tashqari valyuta bozorida oʻtkazilayotgan operatsiyalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan shakl va muddatlarda axborot taqdim etadi.
