Buyrak va (yoki) jigar boʻlagi hamda gematopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida (859-son)
23.10.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Surunkali buyrak va jigar hamda qon hosil qilish tizimi kasalliklarining terminal bosqichidagi bemorlarni yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan taʼminlash, shuningdek, respublikada transplantatsiya jarrohlik amaliyotlarini keng joriy etishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buyrak va (yoki) jigar boʻlagi hamda gematopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vaqtinchalik nizomning amal qilish vaqti — “Inson organlari, toʻqimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirish kunigacha deb belgilansin.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2017-yil 31-dekabrgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Inson organlari, toʻqimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini belgilangan tartibda kiritsin, unda jumladan transplantatsiya xizmatini rivojlantirishning yuridik mexanizmlari taʼminlanishi yuzasidan qatʼiy nazorat belgilanishini hamda transplantatsiyadan keyingi davrda bemorlarning doimiy dispanser kuzatuvi amalga oshirilishini nazarda tutsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shodmonov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-oktabr,
859-son
