Chorvachilik va baliqchilik tarmoqlarining ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (845-son)
18.10.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Keyingi yillarda respublikada chorvachilik va baliqchilik tarmoqlarini rivojlantirishga, naslchilik ishini takomillashtirishga, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlarni koʻpaytirishga katta eʼtibor berilmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatda 6 mingdan ortiq chorvachilik va 3 mingta baliqchilik xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil yakunlari boʻyicha 2319 ming tonna goʻsht, sunʼiy hovuzlarda 60 ming tonna baliq yetishtirish kutilmoqda.
Shu bilan birga chorvachilik va baliqchilik tarmoqlarining ozuqa bazasini rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor berilmayapti. Chorvachilik, baliqchilik fermer xoʻjaliklari hamda tashkilotlarini yuqori sifatli ozuqa bilan taʼminlash borasidagi uzilishlar tufayli chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari yetishtirish hajmlarining oʻsish surʼatlari pastligicha qolmoqda.
Tarmoqlarning ozuqa bazasini tizimli asosda mustahkamlash, chorvachilik, baliqchilik xoʻjaliklari va tashkilotlarini yuqori sifatli ozuqa bilan barqaror taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2017-yilgi hosildan boshlab ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslaridan ajratiladigan bugʻdoy chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ tomonidan oʻtkaziladigan birja savdolarida sotiladi.
2. Quyidagilar:
Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun 2017-yilning II yarim yili va 2018-yilning I yarim yilida beriladigan va davlat resurslaridan ajratiladigan bugʻdoy kvotalari hajmlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, “Oʻzdonmahsulot” AJ rahbarlariga ushbu qarorda belgilangan tartibga rioya etilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev:
Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablarining amalga oshirilishi, ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslaridan ajratiladigan bugʻdoydan maqsadli foydalanish, shuningdek, chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari oʻrnatilgan narxlar boʻyicha belgilangan hajmlarga muvofiq sotilishi shartlari bajarilishini nazorat qilish boʻyicha Maxsus komissiya tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga uch oyda bir marta Maxsus komissiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot va chorvachilik hamda baliqchilik xoʻjaliklarini ozuqa bilan taʼminlash mexanizmini yanada takomillashtirish, ichki bozorni barqaror narxlarda goʻsht va baliq bilan toʻldirishga doir takliflarni taqdim etsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-oktabr,
845-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-oktabrdagi 845-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun sotish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari — chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtiradigan chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklari hamda tashkilotlari;
xaridorlar — oʻz ehtiyojlari uchun va chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtirishda ishlatiladigan ozuqa ishlab chiqaradigan chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari hamda tashkilotlar;
sotuvchilar — “Oʻzdonmahsulot” AJning bugʻdoyni birja savdolariga qoʻyadigan va sotadigan hududiy tashkilotlari;
xaridorlar reyestri — ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslaridan ajratiladigan bugʻdoyni sotib olish huquqiga ega boʻlgan chorvachilik, baliqchilik fermer xoʻjaliklari va tashkilotlari roʻyxati;
oʻrnatilgan narx — balans boʻyicha davlat resurslari hisobidan ajratilgan bugʻdoydan kelib chiqib belgilangan chorvachilik va baliqchilik mahsulotining narx birligi;
3. Davlat resurslaridan bugʻdoy chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun birja savdolari orqali sotiladi.
4. Sotuvchilar davlat resurslaridan bugʻdoy tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun ushbu Nizomga muvofiq sotilishini taʼminlaydilar.
5. Ushbu Nizomga muvofiq chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslaridan ularga moʻljallangan bugʻdoyni xaridorlarning tasdiqlangan reyestriga binoan, ularning chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan hajmlar va narxlarda sotishi sharti bilan xarid qiladilar.
6. Davlat resurslaridan bugʻdoy chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha sotiladi.
2-bob. Chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslaridan ajratiladigan bugʻdoyni sotish tartibi
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Oʻzdonmahsulot” AJ bilan birgalikda har yili davlat resurslaridan oziq-ovqat bugʻdoyining balansini shakllantirishda chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun bugʻdoy hajmlari birja savdolari orqali ajratilishini nazarda tutadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” AJ va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun sotiladigan bugʻdoy hajmlarining har oylik jadvallarini hududlar boʻyicha ishlab chiqadi va uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
3-bob. Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun yetkazib berish tartibi
9. Tumanlar hokimliklari, tumanlardagi qishloq xoʻjaligi boʻlimlari gʻalla qabul qilish tashkilotlari, tumanlardagi fermerlar kengashlari, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa uchastkalari egalari, hududiy “Baliqsanoat” MCHJlar bilan birgalikda har oyda oyning beshinchi kunigacha xaridorlar reyestrini shakllantiradi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga umumlashtirish va tasdiqlash uchun yuboradi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tumanlar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan xaridorlar reyestrini ikki ish kuni mobaynida umumlashtiradi va tasdiqlaydi hamda “Oʻzdonmahsulot” AJga yuboradi.
11. “Oʻzdonmahsulot” AJ xaridorlar reyestrini bugʻdoyni birja savdolariga qoʻyish uchun oʻz hududiy tashkilotlariga va “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga birja savdolarini tashkil etish uchun ikki ish kunida yuboradi.
12. Birja savdolari “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va birja savdolari qoidalari boʻyicha amalga oshiriladi. Savdolar haftaning ish kunlarida muntazam oʻtkaziladi.
13. Mahsulotni birja savdolariga qoʻyishda boshlangʻich narx Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Oʻzdonmahsulot” AJ tomonidan har yili tasdiqlanadigan davlat resurslaridan gʻalla, qoʻshimcha mahsulotlar hamda gʻallani birlamchi qayta ishlashdan olinadigan chiqindilarning erkin ulgurji-sotish narxlarini kelishish bayonnomasiga muvofiq belgilanadi.
14. Oldi-sotdi shartnomasi bitishuv bayonnomasi olingan kunda bayonnomada nazarda tutilgan shartlarga koʻra rasmiylashtiriladi.
Bitishuv bayonnomasi shartlarini bajarish tomonlar uchun majburiydir.
15. “Oʻzdonmahsulot” AJ bugʻdoyni sotish va yuklab joʻnatish yakunlariga asosan xaridorlar reyestrini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga davlat resurslari hisobidan ajratilgan bugʻdoydan kelib chiqqan holda, chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlarining hajmlari va ularni sotish narxlarini belgilash uchun yuboradi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslari hisobidan ajratilgan bugʻdoydan kelib chiqib chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlarining hajmlari va ularni sotish narxlari boʻyicha takliflarni ikki ish kuni mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari hajmlari hamda sotish narxlari boʻyicha qaror qabul qilishadi va ushbu qarorni uch ish kuni mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuboradi.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari chorvachilik va baliqchilik mahsulotlarining yarmarkalarda hamda boshqa tashkilotlarga belgilangan hajmlar va narxlarga muvofiq sotilishini taʼminlaydilar.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari belgilangan hajmlar va narxlarga muvofiq sotilishi nazorat qilinishini taʼminladi hamda har oy yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga sotilgan mahsulotlar hajmlari boʻyicha axborot kiritadi.
4-bob. Ushbu Nizom bajarilishining monitoringini olib borish tartibi
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga har oyda 1 va 16-kunlari:
“Oʻzdonmahsulot” AJ hududiy tashkilotlari rahbarlari — chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari boʻyicha davlat resurslaridan ozuqa maqsadlari uchun foydalaniladigan bugʻdoyni sotish hajmlari toʻgʻrisida;
chorvachilik va baliqchilik tashkilotlari rahbarlari — chorvachilik va baliqchilik tashkilotlari boʻyicha yarmarkalarda va boshqa tashkilotlarga oʻrnatilgan narxlarda sotish uchun moʻljallangan, balans boʻyicha davlat resurslari hisobidan ajratilgan bugʻdoydan kelib chiqib chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlarini sotish hajmlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har oyning 5-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga quyidagi axborotni taqdim etadilar:
tumanlar boʻyicha ozuqa maqsadlari uchun davlat resurslaridan bugʻdoyni sotish hajmlari toʻgʻrisida;
chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun tumanlar boʻyicha yarmarkalarda va boshqa tashkilotlarga oʻrnatilgan narxlarda sotish uchun moʻljallangan davlat resurslaridan ajratilgan bugʻdoydan kelib chiqib chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlarini sotish hajmlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlarining belgilangan hajmlar va narxlarga muvofiq sotilishi nazorat qilinishini taʼminlaydi va har oy yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizom buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Davlat resurslaridan bugʻdoyni chorvachilik va baliqchilik tashkilotlariga ozuqa maqsadlari uchun sotish
SXEMASI
Bosqichlar Tadbirlar Masʼullar Muddatlar I bosqich Chorvachilik va baliqchilik tashkilotlariga keyinchalik ozuqa maqsadlarida foydalanish uchun sotishga moʻljallangan bugʻdoy hajmlarini birja savdolari orqali ajratishni nazarda tutadigan davlat resurslaridagi oziq-ovqat bugʻdoyi balansini shakllantirish Iqtisodiyot vazirligi“Oʻzdonmahsulot” AJ har yili(yanvar, avgust) II bosqich Chorvachilik va baliqchilik tashkilotlariga keyinchalik ozuqa maqsadlarida foydalanish uchun sotiladigan bugʻdoy hajmlarining xar oylik jadvalini hududlar boʻyicha ishlab chiqish va unn Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish Iqtisodiyot vazirligi,Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi,“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi Balans tasdiqlangandan soʻng besh ish kunida III bosqich Tasdiqlangan jadval hajmlaridan kelib chiqib chorvachilik va baliqchilik tashkilotlari reyestrini shakllantirish va hududiy komissiyalarga yuborish Tumanlar hokimliklari, tumanlardagi qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlarigʻalla qabul qilish tashkilotlari,tumanlardagi fermerlar kengashlari,dehqon xoʻjaliklari va tomorqa uchastkalari egalari,hududiy “Baliqsanoat” MCHJlar bilan birgalikda har oyda oyning 5-kunigacha IV bosqich Chorvachilik va baliqchilik tashkilotlari reyestrini umumlashtirish xamda tasdiqlash va “Oʻzdonmahsulot” AJga yuborish Hududiy komissiyalar ikki ish kunida V bosqich Kelishilgan reyestrni bugʻdoyni birja savdolariga qoʻyish uchun gʻalla qabul qilish tashkilotlariga va “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga birja savdolarini tashkil etish uchun yuborish “Oʻzdonmahsulot” AJ,“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ ikki ish kunida VI bosqich Davlat resurslari hisobidan ajratilgan bugʻdoydan kelib chiqib chorvachilik xamda baliqchilik mahsulotlarining hajmlari va ularni sotish narxlarini belgilash xamda ularni tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga takliflar kiritish Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi,“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi uch ish kunida VII bosqich Chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari hajmlari hamda ularni sotish narxlarini tasdiqlash va ijro etish uchun hududiy komissiyalarga yuborish Respublika komissiyasi,hududiy komissiyalar uch ish kunida VIII bosqich Chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari belgilangan hajmlar va narxlarda sotilishini hamda Respublika komissiyasiga har oy tegishli axborot kiritilishini taʼminlash Hududiy komissiyalar“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi,chorvachilik va baliqchilik tashkilotlari har oyda axborot kiritgan holda doimo IX bosqich Chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari belgilangan hajmlar va narxlarga muvofiq sotilishini nazorat qilishni hamda har oyda Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot kiritilishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi har oyda
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-oktabrdagi 845-son qaroriga 2-ILOVA
Chorvachilik va baliqchilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlariga ozuqa maqsadlari uchun 2017-yilning II yarim yili va 2018-yilning I yarim yilida beriladigan va davlat resurslaridan ajratiladigan bugʻdoy kvotalari
HAJMLARI
Hududlar nomi Hammasi shu jumladan: chorvachilik tashkilotlari baliqchilik tashkilotlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi 4313 2696 1617 viloyatlar: Andijon viloyati 5118 2609 2509 Buxoro viloyati 4435 3008 1427 Jizzax viloyati 4477 2382 2095 Qashqadaryo viloyati 6191 3751 2441 Navoiy viloyati 1838 988 850 Namangan viloyati 4409 1764 2645 Samarqand viloyati 5035 3171 1864 Surxondaryo viloyati 3452 2131 1321 Sirdaryo viloyati 2881 1066 1864 Toshkent viloyati 11967 1928 10039 Fargʻona viloyati 5958 2470 3488 Xorazm viloyati 4525 2035 2490 Jami: 64600 30000 34600
