Respublikamizda asalarichilik tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3327-son)
16.10.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Asalarichilik tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada koʻpaytirish, asalni qayta ishlash boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, asalarichilik sohasidagi ilgʻor tajribalarni respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ning (keyingi oʻrinlarda AT “Aloqabank” deb ataladi) “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasini (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
asalarichilik tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etish;
asalarichilik tarmogʻini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnika, texnologik, investitsiya va eksport siyosatini amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda asalarichilik xoʻjaliklarini oʻrmon fondi yerlariga, togʻ va togʻoldi hududlariga, tabiiy pichanzor va yaylovlarga hamda qishloq xoʻjaligi yerlariga joylashtirishni amalga oshirish;
asalarilar uchun sunʼiy ozuqalar ishlab chiqarishni markazlashgan holda tashkil etishga koʻmaklashish va ushbu tajribani keng qoʻllash hisobiga asalarichilik xoʻjaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash;
asalari kasalliklarining oldini olish, davolash va tashxis qoʻyish boʻyicha zamonaviy va ilgʻor usullarni joriy etish ishlariga koʻmaklashish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, shu jumladan xorijiy muassasalarda asalarichilik tarmogʻiga kadrlar tayyorlash. qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirishda ishtirok etish.
3. “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 27 nafar boʻlgan tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va AT “Aloqabank” Uyushmani “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga aʼzo boʻlib kirishi bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy-amaliy tadbirlarni taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Uyushma raisi va uning oʻrinbosari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadilar hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadilar;
Uyushmaning ijro etuvchi apparati faoliyatini moliyalashtirish Uyushmaga aʼzo boʻlgan tashkilotlarning aʼzolik badallari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Uyushmani tashkil etish hamda uning faoliyati bilan bogʻliq barcha xarajatlar, Uyushmani “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga aʼzo boʻlib kirish va aʼzolik badali toʻlovlari dastlabki uch yil davomida AT “Aloqabank” mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va AT “Aloqabank” tomonidan ishlab chiqilgan 2017 — 2021-yillarda asalarichilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora- tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Uyushmaning buyurtmanomasiga asosan asalarichilik xoʻjaliklariga — Uyushma aʼzolariga asalari oilalarini asal yigʻish mavsumi davomida oʻrmon fondi yerlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (davlat qoʻriqxonalari, biosfera rezervatining qoʻriqlanadigan zonasidan tashqari), togʻ va togʻoldi hududlari, tabiiy pichanzor va yaylovlar hamda qishloq xoʻjaligi yerlari foydalanishga bepul beriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab asalarichilik tarmogʻi uchun oliy malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha Fargʻona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. AT “Aloqabank”ning masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi lizing kompaniyasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
tijorat banklari krediti va lizing kompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobiga asalari uyalari, zarur jihozlar va uskunalar yetkazib berishni tashkil etish va taʼminlash;
asalarichilik sohasida qoʻllaniladigan inventarlar, uskunalar, maxsus transport vositalari va tirkamalar, shuningdek asalni qadoqlash boʻyicha zamonaviy texnologik liniyalarni lizing asosida yetkazib berish.
11. 2023-yilning 1-yanvarigacha belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxatlar boʻyicha tashkilotlar tomonidan olib kelinadigan naslli (mahsulot) materiallar, asalarichilik sohasida qoʻllaniladigan inventarlar va uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qoʻllaniladigan veterinariya dori vositalari va preparatlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yogʻoch va zarur materiallar, penopoliuretan, ularga yordamchi uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlari, mumlar va mum mahsulotlari bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
12. Toshkent shahar hokimligi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasini joylashtirish uchun ijara haqini “nol” stavkada belgilagan holda zarur bino ajratilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan asalarichilik tarmogʻida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasining viza talabnomalariga binoan asalarichilik tarmogʻida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini, konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirishni taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda asalarichilik tarmogʻida ishlash uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-oktabr,
PQ-3327-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PQ-3327-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi
TASHKILIY TUZILMASI
Izohlar:
1. “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasiga kirish va undan chiqish shartnoma tuzish orqali ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
2. Respublikada asalarichilik tarmogʻida jami 2 099 tashkilot faoliyat yuritmoqda, ulardan 2057 tasi asalarichilik xoʻjaliklari, 26 tasi asalarichilik naslchilik xoʻjaliklari va 16 tasi asalni qayta ishlash tashkilotlari.
* Yangi tashkilotlarni tashkil etish nazarda tutilmoqda.
** “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi bilan shartnoma asosida hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PQ-3327-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 27 nafar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PQ-3327-son qaroriga 4-ILOVA
2017 — 2021-yillarda asalarichilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari
DASTURI
