Umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarining mehnatini ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (310-son)
02.07.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilarining, eng avvalo, boshlangʻich sinflar oʻqituvchilarining mehnatini moddiy ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2004-yil 1-sentabrdan boshlab:
umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilariga sinf rahbarligi uchun amaldagi har oylik qoʻshimcha haq eng kam oylik ish haqining 50 foizidan 100 foizigacha miqdorda;
umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilariga daftarlarni tekshirganlik uchun amaldagi har oylik qoʻshimcha haq eng kam oylik ish haqining oʻrta hisobda 30 foizidan 50 foizigacha miqdorda oshirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorga muvofiq 2004-yil 1-sentabrdan boshlab umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilari ish haqiga ustamalar va qoʻshimchalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun budjetdan zarur mablagʻlar ajratsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-avgustdagi 409-son qarori 1-bandining umumtaʼlim maktablari hamda barcha tur va nomdagi maktab-internatlarning oʻqituvchilariga qoʻshimcha haq toʻlashga doir qismi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 8-son, 29-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 2-iyul,
310-son
