Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 25-maydagi “Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-3434-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida (299-son)
29.06.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, respublika vazirlik va idoralari, jamoat tashkilotlari tomonidan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotidagi toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash yuzasidan muayyan ishlar olib borilmoqda.
“Xotin-qizlarga qoʻshimcha imtiyozlar toʻgʻrisida”gi Qonun, Ayollar yili munosabati bilan Xotin-qizlarning oilada, davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha davlat dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, boshqa bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi va amalga oshirilishi katta ahamiyatga ega boʻldi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil xotin-qizlar qoʻmitalari, jamoat tashkilotlari, davlat tuzilmalarining xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy manfaatlarini himoya qilish, ularning oilada, ijtimoiy hayot va davlat qurilishidagi rolini oshirish ishida jiddiy kamchiliklar va foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Markazda va joylarda xotin-qizlar qoʻmitalariga koʻpincha asosan budjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan va oʻz faoliyatida maʼmuriy usullardan foydalanadigan davlat tuzilmalari sifatida qaralmoqda.
Xotin-qizlar qoʻmitalarining turli rahbarlik lavozimlariga saylangan aksariyat faollar boshlangʻich xotin-qizlar jamoalaridan ajralib qolgan, ular oʻzlarini ayollar jamoatchiligining vakillari emas, balki davlat xizmatchilari deb hisoblaydi.
Natijada xotin-qizlarning haqiqiy ahvoli, ularning muammolari va manfaatlari eʼtibordan chetda qolmoqda.
Xotin-qizlar harakati, ijtimoiy rivojlanish, quyidan boʻladigan tashabbusni ragʻbatlantirishning muayyan masalalari boʻyicha xotin-qizlarning real manfaatlari va muammolarini, ularning fikr va takliflarini aniqlashning samarali vositasi hisoblangan qurultoy va konferensiyalar kabi xotin-qizlar bilan ish olib borishning demokratik shakllari amalda ishga solinmayapti.
Mazkur qoʻmitalar xodimlarining jamoatchilik va joylardagi xotin-qizlar tashkilotlari oldida hisobot berishi amalda mavjud emas.
Xotin-qizlar qoʻmitalarining ommaviy axborot vositalari bilan aloqasi talabga javob bermaydi. Xotin-qizlarga moʻljallangan matbuot organlari va nashrlarda qanday mavzular va muammolar yoritilayotgani, ular oʻquvchilarga, birinchi navbatda yosh ayollarga qanday taʼsir koʻrsatayotgani qoʻmitalarning eʼtiboridan chetda qolmoqda.
Ayollarning muayyan qismi, ayniqsa qishloq joylarda, xotin-qizlar qoʻmitalarining eʼtiboridan chetda qolmoqda, ular oʻz holiga tashlab qoʻyilgan va shu bois turli, jumladan, buzgʻunchi kuchlarning taʼsir obyektiga aylanmoqda.
Xotin-qizlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish ishida mahallalarning xotin-qiz faollari, fuqarolar yigʻini, jumladan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, milliy-diniy anʼana va urf-odatlarni yaxshi biladigan hamda tegishli anʼanaviy urf-odat va rasm-rusumlar oʻtkazilishida bosh-qosh boʻladigan ayollarning imkoniyatlaridan foydalanilmayapti. Ayni vaqtda ularga har tomonlama yordam berish, ushbu xotin-qizlarni hokimliklar, mahalla qoʻmitalari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni amalga oshirishga faol jalb etish, fuqarolarning yigʻinlari rahbarlari tarkibiga kiritish xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlashni sezilarli darajada yaxshilashga koʻmaklashgan boʻlur edi.
Xotin-qizlar qoʻmitalarining faoliyati, eng avvalo, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash muammosini hal etishga, shu jumladan, vaqtinchalik ish oʻrinlari barpo etish, kasanachilik mehnatini tashkil qilish va xotin-qizlarni ishga joylashtirishning boshqa shakllaridan foydalanishga qaratilishi zarur. Davlat tomonidan koʻrsatilayotgan moddiy va boshqa yordamlar bilan birga xotin-qizlarga ishlash uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish darkor.
Ish bilan taʼminlash — xotin-qizlar mustaqilligi, ularning faol ijtimoiy, hayotiy pozitsiyaga ega boʻlishlarining muhim shartidir.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va dasturlar xatlovdan oʻtkazilishi, ularning amalga oshirilishi taʼminlanishi zarur. Onalik va bolalikni samarali muhofaza qilishni taʼminlaydigan zamonaviy usullarni, ilgʻor ish shakllari va institutlarni (skrining, patronaj va boshqalarni) faol rivojlantirish lozim.
Oilada maʼnaviy va jismoniy jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash, uni diniy ekstremizm va aqidaparastlik mafkurasining ongni zaharlaydigan taʼsiridan, giyohvandlik va boshqa salbiy koʻrinishlardan himoya qilish uchun zarur boʻlgan sogʻlom maʼnaviy-axloqiy muhitni barpo qilish xotin-qizlar qoʻmitalari faoliyatining muhim yoʻnalishiga aylanishi kerak.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, taʼlim va malaka darajasini oshirish, ularning saylab qoʻyiladigan vakillik va boshqa davlat hokimiyati idoralaridagi keng ishtirokini, xotin-qizlar qoʻmitalari va yurtimizdagi boshqa xotin-qizlar tashkilotlarining xalqaro xotin-qizlar harakatida, mehr-muruvvat, taʼlim va boshqa sohalardagi xalqaro tuzilmalar faoliyatida faol ishtirokini taʼminlash masalalari alohida eʼtiborni talab etadi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarga toʻliq mos holda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, ularning oila, jamiyat va davlat qurilishidagi vazifalarni hal etishdagi oʻrni va nufuzini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 25-maydagi “Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-3434-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash boʻyicha tashkiliy va targʻibot chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda “Chora-tadbirlar dasturi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek xotin-qizlar bilan samarali ish olib borish vazifalarini bajarish maqsadida 2-ilovaga muvofiq tarkibda doimiy ishlaydigan komissiya tuzilsin.
Quyidagilar komissiyaning muhim vazifalari etib belgilansin:
xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish ishlarining ahvolini muntazam ravishda oʻrganish va baholash, ularning oila, jamiyat va davlat qurilishi vazifalarini hal etishdagi rolini oshirish;
xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, ularni ishga joylashtirishga har tomonlama koʻmaklashish, ayollar tadbirkorligining turli shakllarini rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va qabul qilish;
xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza etish sohasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosini taʼminlash;
xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatning ijtimoiy, siyosiy hayotida, xalqaro xotin-qizlar harakatidagi faol ishtirokiga koʻmaklashishga qaratilgan tadbirlarni tayyorlash va amalga oshirish.
3. Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi (S.T. Inomova), Ijtimoiy kompleksi (A.A. Azizxoʻjayev) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ijrosini oʻrgansin, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning oila, ijtimoiy hayot va davlat qurilishi vazifalarini hal etishdagi rolini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi masalani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis Kengashining qoʻshma yigʻilishida koʻrib chiqish uchun tayyorlasin.
4. Doimiy ishlaydigan komissiya (Sh.M. Mirziyoyev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari:
15-iyulgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimlarining oʻrinbosarlari — xotin-qizlar qoʻmitalari raislarining funksional vazifalarini, yangi talablarni hisobga olgan holda, qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin, bunda ularning xotin-qizlar, yosh ayollar bilan samarali ish olib borishni taʼminlash boʻyicha vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutsin;
15-avgustgacha xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonida qoʻyilgan vazifalar asosida ularning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish ishlarining ahvolini har bir tuman, shahar boʻyicha oʻrganib chiqsin va tanqidiy baholasin;
1-sentabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparatini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari oʻrinbosarlari — xotin-qizlar qoʻmitalari raislarining ishchi apparatlarini yuqori kasb mahoratiga, boy hayotiy tajribaga ega boʻlgan hamda odamlar bilan ishlay oladigan mutaxassis kadrlar bilan toʻldirsin;
fuqarolar yigʻinlarining diniy taʼlim va maʼnaviy-axloqiy tarbiya boʻyicha maslahatchilar lavozimlarini eng obroʻ-eʼtiborli hamda maʼnaviy-axloqiy tarbiya sohasida amaliy tajribaga ega boʻlgan va aholiga, birinchi navbatda, yoshlarga sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, eng yaxshi milliy-diniy anʼana va urf-odatlarni saqlash va rivojlantirish masalalarida samarali taʼsir koʻrsatishga qodir faol ayollar bilan toʻldirishni taʼminlasin.
Mazkur ishlarning tuman hududidagi har bir alohida mahalla boʻyicha bajarilishi uchun javobgarlik shaxsan tumanlar, shaharlar, viloyatlar hokimlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yuklansin. Doimiy ishlaydigan komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) koʻrsatib oʻtilgan ishlarning bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin. Mazkur ishlarni joriy yilning 1-dekabrigacha tugallasin.
5. Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi (S.T. Inomova) “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi (Q.A. Aʼzamov), Din ishlari boʻyicha qoʻmita (Sh.Sh. Minovarov) xotin-qizlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash va ularga taʼlim berishni kuchaytirish boʻyicha quyidagi maqsadlarga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin:
mahallalar va qishloq aholi punktlaridagi xotin-qizlar oʻrtasida ularni axborot bilan taʼminlash, zamonaviy hayot taqozo etayotgan mutaxassisliklarga oʻqitish ishlarini tubdan yaxshilash;
xotin-qizlarga diniy bilimlar va milliy-diniy anʼanalar asoslarini egallashda yordam koʻrsatish, xotin-qizlarni diniy bagʻrikenglik, barcha boshqa diniy konfessiyalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash, jamiyatda dunyoviy va diniy qarashlar qarama-qarshiligiga yoʻl qoʻymaslik;
diniy ekstremizm va aqidaparastlikning mamlakatimizdagi osoyishta hayot va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni buzishga qaratilgan, gʻayriinsoniy, zararli gʻoyalarining jamiyatda tarqalishiga qarshi kurashish.
6. Bosh prokuratura (R.X. Qodirov) xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan prokurorlik nazorati samaradorligini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (A.A. Polvonzoda), Bosh prokuratura (R.X. Qodirov) Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi (R.Sh. Shogʻulomov) bilan birgalikda bir oy muddatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, meʼyoriy-huquqiy hujjatlari toʻplamini tayyorlasin va nashr etsin.
8. Ichki ishlar vazirligi (Z.A. Almatov) “Mahalla” jamgʻarmasi (A.G. Gadoyboyev), Oʻzbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati (B.X. Ubaydullayev), joylardagi xotin-qizlar qoʻmitalari bilan birgalikda 2004-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda mahallalar, qishloqlar va ovullarda xotin-qizlar va yoshlar oʻrtasida diniy ekstremizm, aqidaparastlik koʻrinishlari va boshqa huquq buzilishlarining oldini olish boʻyicha ishlarni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirishni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (M.Oʻ. Hazratqulov), “Oʻzteleradio” kompaniyasi (A.K. Koʻchimov), Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi (R.Sh. Shogʻulomov) xotin-qizlar tashkilotlarining xotin-qizlar manfaatlari va huquqlarini har tomonlama himoya qilishdagi ijobiy ish tajribasini, ularning fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat barpo etishdagi tobora ortib borayotgan rolini targʻib qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin, xotin-qizlarning, ayniqsa, qishloq joylarda yashayotgan xotin-qizlarning hayotini, kundalik mehnati va turmushini keng yoritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-iyun,
299-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-iyundagi 299-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 25-maydagi PF-3434-son Farmoni amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha tashkiliy, tashviqot chora-tadbirlari
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-iyundagi 299-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 25-maydagi PF-3434-son Farmoni amalga oshirilishini taʼminlash chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha doimiy ishlaydigan komissiya
TARKIBI
Doimiy ishlaydigan komissiya tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari raislari lavozimiga koʻra kiradilar.
