Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi modda va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (2932-son)
28.09.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2932]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi modda va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. AZIZOV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-avgust,
179-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 14-avgustdagi 179-son buyrugʻiga ILOVA
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) tomonidan muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan (noqonuniy muomalada boʻlgan) oʻqotar qurolni, uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
oʻqotar qurol — amalda qanday maqsadlarda qoʻllanilishidan qatʼi nazar, otish uchun porox gazlarining kuchidan foydalaniladigan barcha turdagi jangovor, sport va ov qurollari;
oʻq-dorilar — qurol uchun lozim boʻlgan oʻqlar, artilleriya snaryadlari, bombalar, minalar, granatalar, raketalarning jangovar qismlari, shuningdek oʻqotar quroldan otish uchun moʻljallangan ashyolar;
portlovchi moddalar — porox, dinamit, trotil, nitroglitserin, ammonit va kislorodli havo yetishmagan vaziyatda portlash xususiyatiga ega boʻlgan kimyoviy moddalar va aralashmalar;
portlatish qurilmalari — portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan va portlashni amalga oshirish uchun moʻljallangan yigʻilgan holdagi qurilmalar;
patronlar — oʻqotar quroldan otishga moʻljallangan, gilza yordamida oʻt oldirish moslamasi vositasini, porox zaryadi va otiladigan aslahalarni birlashtiruvchi oʻq-dori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirgan fuqaro qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod qilinadi.
Fuqaro oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish toʻgʻrisida qarorga kelsa va uning oʻzi ushbu ashyolarni topshirish haqida ichki ishlar organlariga yozma yoki ogʻzaki ravishda murojaat qilsa, u ashyolarni oʻz ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.
3. Fuqaro tintuv jarayonida yoki unda oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari borligi haqida dalillar keltirilishi natijasida ularni topshirish toʻgʻrisidagi qarorga kelsa, u ushbu ashyolarni oʻz ixtiyori bilan topshirgan hisoblanmaydi.
2-bob. Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish, ularni ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilib olish
1-§. Umumiy talablar
4. Oʻzlarida saqlanib kelinayotgan oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirishga istak bildirgan fuqarolar yozma yoki ogʻzaki ravishda ariza bilan bevosita, telefon orqali, elektron vositalardan foydalangan holda, shuningdek oʻzining yashash joyi yoki oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari saqlanayotgan joy boʻyicha hududiy ichki ishlar organlariga yoki profilaktika inspektoriga murojaat qiladi.
Arizada quyidagilar koʻrsatiladi:
fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, roʻyxatdan oʻtgan yashash joyining manzili va amalda yashash joyining manzili, pasport maʼlumotlari, bogʻlanish uchun telefon raqamlari;
topshirish vaqtida topshiriladigan oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari bevosita saqlanayotgan joy, ularning nomi, oʻziga xos maʼlumotlari va soni (topshirilayotgan oʻqotar qurollarning soni, turi (sistemasi), rusumi, modeli, kalibri, zavodda qoʻyilgan seriyasi, raqami va ishlab chiqarilgan yili; oʻq-dorilarning soni, turi va kalibri, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining turi (sistemasi), rusumi, nomi va soni — agarda maʼlum boʻlsa, yoxud ularning tasnifi), ularga egalik qilish (sotib olish) holati va manbalarining qisqacha tavsifi.
Yozma arizaning namunaviy shakllari mazkur Qoidalarning 1 va 2-ilovalarida belgilab qoʻyilgan.
5. Fuqaro tomonidan oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish toʻgʻrisidagi ogʻzaki murojaat qilinganda, ariza mazkur Qoidalarning 4-bandi talablariga muvofiq tegishliligi boʻyicha hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi yoki profilaktika inspektori tomonidan rasmiylashtiriladi.
2-§. Oʻqotar qurol va patronlarini topshirish, ularni ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilib olish
6. Oʻqotar qurol va patronlar fuqarolar tomonidan ogʻzaki yoki yozma ariza asosida bevosita hududiy ichki ishlar organlariga topshiriladi.
Fuqaro tomonidan topshirilayotgan oʻqotar qurol qismlarga boʻlaklangan (agarda texnik imkoniyati boʻlsa), patronlari olingan hamda oʻqotar qurol va patronlar alohida oʻramga joylashtirilgan boʻlishi lozim.
Fuqaro ichki ishlar organi nazorat-oʻtkazish punktida xizmatni oʻtayotgan xodimga oʻqotar qurol va patronlar joylashtirilgan oʻramni qoldiradi hamda ichki ishlar organi xodimi kuzatuvida navbatchilik qismiga olib kiriladi.
Nazorat-oʻtkazish punktida qoldirilgan oʻqotar qurol va patronlar navbatchilik qismiga tezkor navbatchining yordamchisi tomonidan olib kiriladi.
Fuqaro tomonidan oʻz ixtiyori bilan topshirilayotgan oʻqotar qurol va patronlarni qabul qilib olish ishlari fuqaro ishtirokida tezkor navbatchi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar ikki va undan koʻp fuqarolar bir vaqtning oʻzida oʻqotar qurol va patronlarni topshirishga kelgan boʻlsa, ular hamda ular tomonidan topshirilayotgan oʻqotar qurol va patronlar navbatchilik qismiga alohida birma-bir olib kiriladi.
7. Olis va oʻtish qiyin boʻlgan aholi punktlarida yashovchi, shuningdek yoshi tufayli, sogʻligʻining ahvoli, oilaviy va oʻzga holatlar sababli oʻqotar qurol va patronlarni bevosita hududiy ichki ishlar organiga topshirish imkoniyatiga ega boʻlmagan fuqarolar oʻqotar qurol va patronlarni profilaktika inspektoriga topshirishi mumkin.
Bunday hollarda mazkur Qoidalarning 4-bandiga muvofiq birlamchi tarzda yozma arizani, shuningdek oʻqotar qurol va patronlarni qabul qilib olish profilaktika inspektori tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqaro tomonidan profilaktika inspektoriga topshirilayotgan oʻqotar qurol qismlarga boʻlaklangan (agarda texnik imkoniyati boʻlsa), patronlari olingan hamda oʻqotar qurol va patronlar alohida oʻramga joylashtirilgan boʻlishi lozim.
8. Oʻqotar qurol va patronlarni qabul qilib olgan profilaktika inspektori mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq bildirgi asosida hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisiga oʻqotar qurol va patronlarni topshiradi, bildirgiga fuqaroning arizasi ilova qilinadi.
9. Oʻqotar qurol va patronlarni qabul qilishda hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi oʻqotar qurol va patronlarni topshirayotgan fuqaro ishtirokida mazkur Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan oʻqotar qurol va patronlarni koʻzdan kechirish va qabul qilib olish dalolatnomasini tuzish orqali qabul qilib olinayotgan qurolning haqiqiy soni, turi (sistemasi), rusumi, modeli, kalibri va mavjud oʻziga xos individual rekvizitlar (seriyasi, raqami va ishlab chiqilgan yili), patronlarning soni, turi va kalibrining ularni topshirish haqidagi arizada koʻrsatilgan yozuvlarga muvofiqligini tekshiradi.
Oʻqotar qurol va patronlar hududiy ichki ishlar organining profilaktika inspektoriga topshirilgan taqdirda dalolatnoma hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi tomonidan ushbu profilaktika inspektori ishtirokida tuziladi.
Oʻqotar qurolning turini (sistemasini), rusumini, modelini, kalibrini, shuningdek oʻziga xos individual rekvizitlarni, patronlarining turi va kalibrini aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga kelganda ularni koʻzdan kechirish uchun hududiy ichki ishlar organining ekspert-kriminalisti jalb etiladi.
10. Ixtiyoriy topshirilgan oʻqotar qurol va patronlarning qabul qilinishining hisobini yuritish maqsadida hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi tomonidan mazkur Qoidalarning 5-ilovasiga muvofiq har bir qurol, shuningdek, ishlab chiqarilgan yili, zavodi va partiyasi, qurol turi va kalibri bir xil boʻlgan patronlar (aniqlik kiritilgan boʻlsa) boʻyicha uch nusxada kvitansiya rasmiylashtiriladi. Kvitansiyaning bir nusxasi oʻqotar qurol va patronlarni topshirayotgan fuqaroga topshiriladi, ikkinchi nusxasi qurol va patronlar bilan birga saqlanadi, uchinchi nusxasi nazorat uchun hududiy ichki ishlar organining navbatchilik qismida qoldiriladi.
Oʻqotar qurol va patronlar profilaktika inspektoriga topshirilgan taqdirda kvitansiyaning birinchi nusxasi oʻqotar qurol va patronlarni topshirgan fuqaroga topshirish uchun profilaktika inspektoriga beriladi.
11. Agarda qabul qilinayotgan oʻqotar qurolning individual raqami boʻlmasa yoxud raqami oʻchirilgan boʻlsa, unga Hodisalar toʻgʻrisidagi xabarlarni qayd etish kitobida materiallar qayd etilgan vaqtinchalik tartib raqami beriladi. Qurolga berilgan vaqtinchalik tartib raqami kvitansiyaga kiritiladi.
12. Kvitansiya toʻldirilgandan keyin hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi oʻqotar qurol va patronlarni bu turdagi qurol-yarogʻlarni vaqtincha saqlash uchun ichki ishlar organining qurollarni saqlash xonasida ajratilgan alohida temir shkaflarga joylashtiradi.
13. Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan oʻqotar qurol va patronlar boʻyicha materiallar yuzasidan navbatchilik sutkasi davomida hududiy ichki ishlar organining boshligʻiga yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsga axborot beriladi.
Hududiy ichki ishlar organida oʻqotar qurol va patronlarni oʻz ixtiyori bilan topshirish boʻyicha materiallarni rasmiylashtirish, ularni qabul qilish, hisobini yuritish va saqlash, ularni ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika, kriminalistika va qidiruv hisoblari, qurollarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan axborot-qidiruv tizimi orqali tekshirish, stvoli soyli oʻqotar qurolni otib tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3-§. Oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va porlatish qurilmalarini topshirish, ularni ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilib olish
14. Fuqarolarning oʻzlarida saqlanayotgan oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini bevosita oʻzlari hududiy ichki ishlar organlariga, oʻzga davlat organlari va tashkilotlarga, shuningdek profilaktika inspektorlariga yoki ichki ishlar organlarining boshqa xodimlariga topshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish masalalari boʻyicha murojaat qilinganda, fuqaro tomonidan ularni murojaat qilish vaqtida aynan qayerda ekanligi (kvartira, uy, dala hovli, xonadon, inshoot, transport vositasi, hududning aniq bir uchastkasi, boshqa joylar) koʻrsatiladi.
15. Fuqaro tomonidan uning yonida yoxud u koʻrsatgan joyda boʻlgan oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish yuzasidan hududiy ichki ishlar organiga, profilaktika inspektori yoki ichki ishlar organlarining boshqa xodimlariga murojaat qilinganda fuqaro murojaat qilgan ichki ishlar organining tezkor navbatchisi yoki boshqa xodimi quyidagilarga majbur:
fuqaroga mutaxassis yetib kelgunga qadar xavfsizlik qoidalariga amal qilinishi, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari bilan biror-bir harakatlarning amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymasligi yuzasidan yoʻl-yoʻriq berishga;
zudlik bilan ichki ishlar organining boshligʻiga (fuqaro tomonidan tezkor navbatchiga murojaat qilinganda) yoki ichki ishlar organining tezkor navbatchisiga (fuqaro tomonidan profilaktika inspektori yoki ichki ishlar organining boshqa xodimlariga murojaat qilinganda) axborot berishga.
16. Oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining xususiyatidan, sonidan va haqiqatda joylashgan joyidan hamda oʻzga holatlardan kelib chiqib ichki ishlar organi boshligʻining koʻrsatmasi bilan tezkor navbatchi tomonidan belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining maxsus rejalari amalga kiritilishi mumkin.
17. Fuqaroning yonida yoki boshqa joyda oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari borligi toʻgʻrisida murojaat kelib tushganda ichki ishlar organi boshligʻining koʻrsatmasiga asosan tezkor navbatchi tomonidan oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari boʻlgan joyga xizmat vazifalariga portlovchi qurilmalarni va portlash xavfi boʻlgan predmetlarni zararsizlantirish va yoʻq qilish vazifalari kiritilgan ichki ishlar organining mutaxassis xodimi (bundan buyon matnda — portlatish texnigi deb yuritiladi) ularni xavfsiz tashish va saqlash imkoni mavjudligini aniqlash uchun yuboriladi. Portlatish texnigining joyiga chiqishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi rahbariyati yoki tezkor navbatchisining koʻrsatmasi asosida amalga oshiriladi.
18. Portlatish texnigi yetib kelgunga qadar oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari bilan biror-bir harakatlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
Oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini portlatish texnigi ishtirokisiz koʻzdan kechirish, tekshirish va qabul qilib olish boʻyicha biror-bir harakatlar amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini koʻzdan kechirish natijalari boʻyicha portlatish texnigi tomonidan mazkur Qoidalarning 6-ilovasiga muvofiq Oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini koʻzdan kechirish dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnomada oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini xavfsiz tashish va (yoki) saqlashni imkoni mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida xulosa qilinadi.
Dalolatnoma oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish boʻyicha materiallarga qoʻshib qoʻyiladi.
20. Portlatish texnigi tomonidan tashishga va ixtisoslashtirilgan omborlar sharoitlarida saqlashga xavfsiz deb topilgan oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining ichki ishlar organlariga qabul qilinishiga va saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi, ular portlovchi moddalarni saqlash uchun jihozlangan omborxonalarga (bazalarga, arsenallarga) saqlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining poligonlarida yoʻq qilish uchun topshiriladi.
21. Portlatish texnigi tomonidan xavfsiz tashish va hududiy ichki ishlar organlarida saqlashning imkoni mavjudligi aniqlangan oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari portlatish texnika ekspertizasini oʻtkazishga ruxsati boʻlgan ekspertlari va bu turdagi ekspertizani (tadqiqotni) oʻtkazish uchun tegishli sharoitlari mavjud boʻlgan hududiy ichki ishlar organining ekspert-kriminalistika boʻlinmasiga yuboriladi.
Hududiy ichki ishlar organining ekspert-kriminalistika boʻlinmasi ekspertlarida portlatish texnika ekspertizasini amalga oshirishga ruxsati va (yoki) bu turdagi ekspertizani (tadqiqotni) oʻtkazishga tegishli sharoitlar mavjud boʻlmagan taqdirda oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari ekspertiza (tadqiqot) uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining portlatish texnikasi tadqiqotlari boʻlinmasiga yuboriladi.
Xavfsiz tashilishi va saqlanishi mumkin boʻlgan oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini oʻz ixtiyori bilan topshirish boʻyicha materiallarni rasmiylashtirish, ichki ishlar organlarining kriminalistika va qidiruv hisoblari orqali tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari hududiy ichki ishlar organiga qabul qilinishi, hisobi yuritilishi va saqlanishi faqat portlatish texnika ekspertizasining xulosasida belgilangan hollarda va tartibda amalga oshirilishi mumkin.
22. Portlatish texnigi tomonidan xavfsiz tarzda tashish va saqlashning imkoni yoʻqligi aniqlangan oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari hududiy ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilinishiga va saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi hamda ular zaruriy xavfsizlik choralari koʻrilgan holda Portlovchi qurilmalarni, portlashdan xavfli predmetlarni aniqlash, zararsizlantirish va yoʻq qilish boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga muvofiq joyida yoʻq qilinadi. Yoʻq qilish va yoʻq qilish usuli toʻgʻrisidagi qaror portlatish texnigi tomonidan qabul qilinadi hamda bu haqda Oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini koʻzdan kechirish dalolatnomasida tegishli yozuv qayd qilinadi.
23. Ekspert-kriminalistika boʻlinmasida tekshirilishiga ehtiyoj boʻlmagan, shuningdek ekspert-kriminalistika boʻlinmasi tomonidan tekshiruvdan oʻtkazilgan hamda ashyoviy dalil deb topilmagan oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari oʻn kunlik muddatda yoʻq qilinadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
24. Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan hamda ashyoviy dalil deb eʼtirof etilgan oʻqotar qurol va oʻq-dorilarning, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining hisobi yuritilishi va saqlanishi jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
25. Yuridik shaxslar tomonidan oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirilishi yuridik shaxs rahbarining arizasi asosida mazkur Qoidalar bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Arizada oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini topshirishga vakolatli xodimning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi.
26. Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan har bir holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 329-330-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilib, qonuniy qaror qabul qilinadi.
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalariga 1-ILOVA
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalariga 2-ILOVA
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalariga 3-ILOVA
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalariga 4-ILOVA
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalariga 5-ILOVA
Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan oʻqotar qurol va (yoki) patronlarni qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida
KVITANSIYA
Muomalada boʻlgan roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirish qoidalariga 6-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2017-y., 10/17/2932/0027-son)
