Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3283-son)
16.09.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni yanada tizimli chuqurlashtirish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida ilgʻor texnologiyalarni faol joriy etish, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining unumdorligini barqaror oshirib borish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Jahon banki Direktorlar kengashi 2017-yil 23-iyunda Oʻzbekiston Respublikasiga 5 yillik imtiyozli davrni qoʻshganda, 25 yil muddatda toʻlash sharti bilan “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — XTTB) ning 30,0 mln. AQSH dollari miqdoridagi qarzi va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — XTA) ning 120 mln. AQSH dollari miqdoridagi krediti berilishini maʼqulladi;
Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qoʻshadigan hissasi ekvivalentda 77,82 mln. AQSH dollarini, shu jumladan soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy chiqimlar haqini toʻlash va boshqa sarf-xarajatlarni moliyalashtirish tarzida qoʻshiladigan ulush ekvivalentda 39,74 mln. AQSH dollarini tashkil etadi, shuningdek, loyiha qatnashchilari (benefitsiarlar) qoʻshadigan hissa — ekvivalentda 38,08 mln. AQSH dollaridan iborat boʻladi;
loyihani amalga oshirish davri 6 yil muddat (2017 — 2022-yillar) etib belgilandi.
2. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasida va Oʻzbekiston Respublikasining barcha viloyatlarida amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi loyihaning oʻz vaqtida va toʻla hajmda amalga oshirilishi uchun javobgar boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi hamda loyiha amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, loyihani amalga oshirish davrida hisobotni yuritish va monitoring qilish funksiyalari uning zimmasiga yuklanadi;
kredit liniyasini boshqarish, XTTB qarzi va XTA kreditining oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha hisobot va monitoringni yuritish funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etuvchi tijorat banklari zimmasiga yuklanadi.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan texnik-iqtisodiy asoslanishi 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha XTTB qarzi va XTA kreditiga xizmat koʻrsatish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida XTTB qarzi va XTA kreditini soʻndirish, ular boʻyicha vositachilik haqi va foizlarni toʻlashning prognoz jadvallari 3- va 3a- ilovalariga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzi va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi kreditidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin, berilayotgan qarz va kreditni qayta moliyalashning aniq tartibi, muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash mezonlari va ularning baholari belgilab qoʻyilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Sh.M. Gʻaniyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlari zimmasiga loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoitlarni taʼminlash, XTTB, XTA va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari va tartib-taomillariga muvofiq zarur hisobot va hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishi va taqdim etilishini tashkil qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari D.A.Qoʻchqorovga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan qarz bitimini va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi bilan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati;
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetovga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzini va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining kreditini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni, shuningdek, zaruratga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan ularga tegishli oʻzgartirishlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi oʻrtasida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosalar bersin.
8. Quyidagilar:
loyihani amalga oshirish doirasida XTTB qarzi va XTA krediti hisobidan xarid qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari), qoʻshilgan qiymat soligʻidan, davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar va yigʻimlar toʻlashdan;
loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliqdan ozod qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur bandda berilgan imtiyozlarning amal qilishi loyiha doirasida qayta moliyalashtirilgan mablagʻlar hisobidan fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ham joriy etiladi;
ushbu bandda koʻrsatilgan imtiyozlarni berish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar summasi Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qoʻshadigan ulushi hisoblanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi va keyingi yillardagi rivojlanish davlat dasturlariga loyihaning qoʻshib qoʻyilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining buyurtmanomalari boʻyicha ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining buyurtmanomalari boʻyicha ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini davlat boji undirilmasdan taʼminlab bersin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari D.A. Qoʻchqorov va Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sodiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-sentabr,
PQ-3283-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3283-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan texnik-iqtisodiy asoslanishi
* Tovarlarni (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish boʻyicha yakuniy qiymat koʻrsatkichlari mukammal loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishi natijalari boʻyicha oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolariga koʻra belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3283-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha XTTB qarzi va XTA kreditiga xizmat koʻrsatish
SXEMASI
* Qoʻshimcha moliyalashtirish uchun Yevropa Ittifoqining 16 mln AQSH dollari miqdoridagi granti jalb qilinadi.
** Bir yoʻla toʻlanadigan 75 ming AQSH dollari miqdoridagi boshlangʻich vositachilik haqini XTTB qarzi mablagʻlari hisobidan toʻlash moʻljallanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3283-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida XTTB qarzini soʻndirish, ular boʻyicha vositachilik haqi va foizlarni toʻlashning
PROGNOZ JADVALI*
* Toʻlov summalari XTTB qarz mablagʻlarining amaldagi oʻzlashtirilishiga qarab aniqlashtirib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3283-son qaroriga 3a-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida XTA kreditini soʻndirish, ular boʻyicha vositachilik haqi va foizlarni toʻlashning
PROGNOZ JADVALI*
* Toʻlov summalari XTA kredit mablagʻlarining amaldagi oʻzlashtirilishiga qarab aniqlashtirib boriladi.
