6-modda. Murojaatlarga qoʻyiladigan talablar
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.
Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari koʻrsatilishi mumkin.
Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.
Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
