32-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan koʻrib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
murojaatni koʻrib chiqishning borishi toʻgʻrisida axborot olish;
vajlarni shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish;
murojaatni tekshirish materiallari va uni koʻrib chiqish natijalari bilan tanishish;
qoʻshimcha materiallar taqdim etish yoki bunday materiallarni boshqa organlardan talab qilib olish toʻgʻrisida iltimos qilish;
advokat yordamidan foydalanish;
murojaatni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida yoxud murojaatga javobni tushuntirish va (yoki) uni tuzatish toʻgʻrisida iltimos qilish;
oʻz murojaatini u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda murojaat boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yoʻli bilan chaqirib olish;
murojaatni qabul qilishni yoki koʻrib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etganlik ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
