25-modda. Ayrim murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Takroriy murojaatlar umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi, ushbu Qonunning 30-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
Qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻzining vakolati doirasiga kirmaydigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Bunda kelib tushgan elektron murojaat elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Murojaatlarni koʻrib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga, tashkilotlarga oʻtkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish uchun zarur maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.
Agar murojaatni koʻrib chiqish davomida murojaatning dublikati kelib tushsa, mazkur murojaat avval kelib tushgan murojaat bilan birgalikda koʻrib chiqiladi.
Agar murojaatning dublikati murojaat koʻrib chiqilganidan va javob yuborilganidan keyin kelib tushsa, bu haqda davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini tegishli tartibda xabardor qiladi.
Murojaatlarning turlariga kiritilmagan xatlarni (tashakkurnomalar, tabriknomalar, taklifnomalar, fikr-mulohazalarni) koʻrib chiqish davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ularning oʻz ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladi.
