10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatlarning samarali koʻrib chiqilishini tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tizimini quyidagilar tashkil etadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi (tumanga boʻysunuvchi shaharlardan tashqari) Xalq qabulxonalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi kelib tushayotgan murojaatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida qabul qilish, toʻplash, tasniflash va tizimlashtirish, shuningdek ularning toʻliq, oʻz vaqtida hamda sifatli koʻrib chiqilishi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimi hisoblanadi.
