Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (263-son)
22.06.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Vazirlar Mahkamasi 2000-yilda va joriy yilning birinchi yarim yilligida valyuta siyosatini yanada erkinlashtirish, birjadan tashqari valyuta bozorini mustahkamlashga doir bir qancha aniq chora-tadbirlar koʻrilganligini, unda tijorat banklarining roli ancha oshganligini qayd etadi.
Milliy valyutani konvertatsiya qilish huquqiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar soni jiddiy ravishda kengaymoqda, almashtirish shoxobchalari soni koʻpaydi, xorijiy valyuta sotib olish tartibi soddalashtirildi.
Valyuta siyosatini erkinlashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, birjadan tashqari valyuta bozorini kengaytirish va naqd pulsiz hamda naqd valyutani konvertatsiya qilish koʻlamlarini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston bozoriga konvertatsiya qilinadigan valyuta tushumini keskin koʻpaytirish uchun mavjud imkoniyatlar va resurslarni jalb qilish, investitsiya muhitini shakllantirish va eksportga ishlab chiqarish koʻlamlarini kengaytirishga doir bugungi kunda olib borilayotgan ishlar tanqidiy qayta koʻrib chiqilsin.
Eksport imkoniyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish respublika kengashi (Sultonov) ushbu masalalar boʻyicha ishlarni tanqidiy baholasin va joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha 2002—2005-yillarga moʻljallangan aniq takliflar kiritsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida inflyatsiya darajasini pasaytirishga, maqroiqtisodiy barqarorlik darajasini oshirishga, ichki bozorni raqobatbardosh isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish boʻyicha sifat jihatidan yangicha yondashuvlarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga pul-kredit siyosatini qatʼiylashtirish va pul agregatlari ustidan taʼsirchan nazoratni kuchaytirish, naqd pul muomalasini mustahkamlash va pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirishga doir takliflar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank ikki hafta muddatda:
yuqori likvidli mahsulotlarning ayrim turlarini kafolatli hajmlarda kimoshdi asosida sotish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
2001-yilning ikkinchi yarim yilligida sotish uchun ajratiladigan yuqori likvidli tovarlar turlari va hajmlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining quyidagi operatsiyalar boʻyicha xorijiy valyutani xarid qilish va sotishni 2001-yil 1-iyuldan boshlab birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
tovarlar va xizmatlar importi;
yangidan jalb qilinadigan xorijiy kreditlarga xizmat koʻrsatish;
xorijiy investorlar foydasi, dividendlari va boshqa daromadlarini repatriatsiya qilish;
xizmat safari xarajatlari.
Tijorat banklari eksport qiluvchi korxonalarga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun soʻmda qisqa muddatli kreditlar berishni keng joriy etsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda 2001-yil 1-iyulgacha Birjadan tashqari valyuta bozorida talab va taklif asosida erkin almashtiriladigan valyutani sotish va xarid qilish boʻyicha savdolar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
10. Birjadan tashqari valyuta bozorining erkin kursi boʻyicha xorijiy valyutani sotib oluvchi korxonalar 2001-yil 1-iyuldan boshlab erkin almashtiriladigan valyutani xarid qilishga besh foizli yigʻim toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni, shu jumladan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar yetkazib berish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga yanada koʻpaytirish bilan bogʻliq takliflar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari:
valyuta-almashtirish operatsiyalarini koʻpaytirish uchun erkin almashtiriladigan valyutadagi resurslarni jalb qilish vositalaridan kengroq foydalanish;
banklararo kredit, shu jumladan xorijiy valyutadagi kimoshdi savdolarini yanada rivojlantirish va ular hajmlarini koʻpaytirish;
turistik komplekslar, savdo markazlari, bozorlar va savdo komplekslari, aeroportlar va bojxona postlarida almashtirish shoxobchalari tarmoqlarini qoʻshimcha ravishda koʻpaytirishga doir kompleks qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 24-martdagi 103-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tuzilmalar bilan iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari va bosqichlarini hamda valyuta siyosatini ishlab chiqish masalalari boʻyicha hamkorlik kengaytirilishini taʼminlasinlar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin, shuningdek ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-iyun,
263-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi 263-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan, shuningdek oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilayotgan qarorlari
roʻyxati
1. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida baravar toʻlov vositasi sifatida “Soʻm-Kuponlar”ni muomalaga kiritish toʻgʻrisida” 1993-yil 12-noyabrdagi 550-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Soʻm-Kuponlar”ni chet el valyutasiga almashtirish tartibi toʻgʻrisida” 1993-yil 19-noyabrdagi 562-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Valyuta va eksport-import operatsiyalari boʻyicha hisob va hisobot tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2000-yil 28-apreldagi 171-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT., 2000-yil, 4-son, 22-modda)ning 1-bandi.
