21-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish tartibini tushuntirish
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-443-son) · Sana: 07.09.2017 · Amalda
Jismoniy va yuridik shaxslarning soʻroviga koʻra davlat organlari va tashkilotlar oʻz faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish tartibini tushuntiradi.
Davlat organlari va tashkilotlar tomonidan tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish tartibi toʻgʻrisidagi tushuntirishlar ushbu organlar va tashkilotlarning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari uchun majburiy kuchga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi zarurat boʻlganda qonunchilikning qoʻllanilish masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi.
Qonunchilikning qoʻllanilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarning tushuntirishlari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan tegishli organlar va tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish tartibi boʻyicha tavsiya xususiyatiga ega boʻlgan tushuntirishlar tayyorlashi va tarqatishi mumkin.
