19-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy targʻibot yoʻli bilan tarqatish
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-443-son) · Sana: 07.09.2017 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy targʻibot yoʻli bilan tarqatish barcha davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari ham huquqiy targʻibotni amalga oshirishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi va (yoki) ishlab chiquvchi organlar ushbu hujjatlar qabul qilinganidan keyin bir haftalik muddatda huquqiy targʻibot boʻyicha chora-tadbirlar rejasini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy tadbirlar rejasi asosida ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.
Huquqiy targʻibot quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va muloqotlar oʻtkazish;
ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkil etish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalariga maqolalar va huquqiy-axborot materiallarini joylashtirish orqali;
sharhlar, risolalar, plakatlar, bukletlar va flayerlar tarqatish;
ijtimoiy reklamalar (videolavhalar, infografikalar va boshqalar) hamda targʻibotning qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa turlari orqali.
Davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy targʻibot sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash hamda uning hududiy komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
