15-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy eʼlon qilish yoʻli bilan tarqatish
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-443-son) · Sana: 07.09.2017 · Amalda
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasida nazarda tutilgan nashrlar normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.
Normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalar qonunchilikda belgilangan muddatlarda nashr etiladi va ochiq obuna yoʻli bilan tarqatiladi.
Rasmiy manbalarda eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar xronologik tartibda ketma-ket joylashtiriladi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”da ushbu hujjatlarning raqami va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasiga muvofiq xronologik tartibda ketma-ket joylashtiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatning bir qismi rasmiy manbalarda eʼlon qilinganda normativ-huquqiy hujjatning nomidan keyin “Koʻchirma” degan yozuv joylashtiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalarda eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjat matni mazkur hujjatni qabul qilgan organ tomonidan rasmiy ravishda yoʻllangan normativ-huquqiy hujjatning matniga muvofiq boʻlishi kerak.
Katta hajmli normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalarga ilova tarzida eʼlon qilinishi mumkin.
