7-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida (O‘RQ-440-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatining tekshiruvlarini muvofiqlashtirishni hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlari oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilishini oʻrganish;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga taʼsiri samaradorligini baholash;
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining hisobini elektron tarzda yuritish;
davlat organlari va tashkilotlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasidagi sohalar boʻyicha belgilangan tartibda taqdim etilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligi roʻyxati asosida shakllantiriladigan majburiy talablarning elektron reyestrini yuritish;
tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
