22-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning devoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida (O‘RQ-440-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyatini taʼminlash uchun yuridik shaxs huquqlariga ega davlat organi boʻlgan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning devoni (bundan buyon matnda Vakil devoni deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning oʻrinbosarlaridan biri bir vaqtning oʻzida Vakil devonining rahbaridir.
Vakil devoni xodimlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun belgilangan tibbiy xizmat koʻrsatish, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
Vakil devonining tuzilmasi va uning xodimlarining shtat birligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Vakil devonining xodimlari maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish huquqiga egadir.
Vakil devoni oʻzining bank hisob-kitob varagʻiga, oʻz nomi yozilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga ega boʻladi.
Vakil devoni toʻgʻrisidagi nizom Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadi.
