12-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining shikoyatlarini va boshqa murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida (O‘RQ-440-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi.
Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarni, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, oilaga, mehnatga doir va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga taalluqli shikoyatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning koʻrib chiqish doirasiga kirmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil sudlarning, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, tergov, surishtiruv va jazoni ijro etish organlarining vakolatiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil shikoyatlarni koʻrib chiqayotganda oʻz vakolatlari doirasida:
masalani uning mohiyatiga koʻra hal qilishi;
arz qiluvchi oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin boʻlgan vositalar va shakllarni koʻrsatishi;
shikoyatni uning mohiyatiga koʻra hal qilishga vakolatli boʻlgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yuborishi;
arz qiluvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishi;
sababini albatta koʻrsatgan holda shikoyatni koʻrib chiqishni rad etishi mumkin.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil qonunchilikka muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham koʻrishi mumkin.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan oʻziga axborot toʻplash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish vazifasi topshirilgan shaxslarning bunday harakatlar uchun taʼqib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
