9-modda. Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (822-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi ayrim faoliyat turlari maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosida amalga oshiriladi.
Quyidagilar litsenziyalanishi shart:
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini qurish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan foydalanish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlariga xizmat koʻrsatish.
Umumiy foydalanish punktlari, shu jumladan qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlarining umumiy foydalanish punktlari tomonidan maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga, qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahalliy, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga doir faoliyat uchun litsenziya talab etilmaydi.
Telekommunikatsiyalar sohasida muayyan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan litsenziyalar namunaviy yoki yakka tartibda boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxslarga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yagona talablar va shartlar asosida beriladigan litsenziyalar namunaviy litsenziyalar hisoblanadi.
Yuridik shaxslarga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun alohida talablar va shartlar asosida beriladigan litsenziyalar yakka tartibdagi litsenziyalar hisoblanadi.
Litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, ularning amal qilish muddatlari, amal qilishini toʻxtatish yoki tugatish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Telekommunikatsiyalar sohasidagi ayrim faoliyat turlari uchun litsenziyalar berish tanlov (tender) asosida amalga oshirilishi mumkin. Tanlovlar (tenderlar)ni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Litsenziyalarning egalari qonunchilikni buzganlari taqdirda litsenziyalar toʻxtatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
