8-modda. Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (822-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ:
telekommunikatsiyalar sohasida davlat siyosatini yuritadi;
telekommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy dasturlarini ishlab chiqadi;
telekommunikatsiyalar sohasida standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi;
yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiradi;
telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga soladi;
operatorlar va provayderlarning faoliyat koʻrsatishi uchun teng sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadi;
telekommunikatsiyalar texnik vositalarining sertifikatlanishiga doir ishlarni tashkil etadi;
telekommunikatsiya xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga koʻmaklashadi;
operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarining axborot xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masalalarini koʻrib chiqadi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqadi va raqamlash rejasini boshqarishni amalga oshiradi;
Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining manzil makonidan foydalanish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, domen nomlari tizimini belgilaydi;
telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi organlari, operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlari va xizmatlarini rivojlantirish masalalariga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirishni tashkil etadi;
telekommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy telekommunikatsiyalar tarmoqlarini joriy etish, rivojlantirish va ulardan foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini shakllantirish masalalari boʻyicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan normativ hujjatlari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
