19-modda. Favqulodda holatlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (822-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Favqulodda holatlarda (harbiy harakatlar, zilzilalar, suv toshqinlari, yongʻinlar, epidemiyalar va boshqalar) telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalaridan ustuvor foydalanish hamda ularni markazlashgan holda boshqarish, shuningdek ularning ishlashini cheklash yoki toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
Operatorlar va provayderlar aholini favqulodda holatlar xavfidan xabardor qilishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan vositalar oʻrnatilishini va ulardan foydalanishni taʼminlashlari shart.
Favqulodda holatlarda telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalaridan foydalanish paytida operatorlar va provayderlar koʻrgan zararlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Operatorlar va provayderlar odamlarning dengizdagi, yerdagi, havodagi, kosmik fazodagi xavfsizligiga, mudofaa, xavfsizlik va huquq-tartibotni saqlash sohasidagi kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlar oʻtkazishga taalluqli barcha xabarlarga, shuningdek yirik avariyalar, falokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlar haqidagi xabarlarga mutlaq ustuvorlik berishlari lozim.
