Sud ishni nazorat tartibida koʻrib, oʻzining ajrimi yoki qarori bilan hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormasdan, yangi hal qiluv qarori chiqarishga haqli
11.07.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining
Sud amaliyoti
B. Joʻrayeva javobgar Z. Islomovaga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topishni soʻragan.
Tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, B. Joʻrayeva va Z. Islomova oʻrtasida tuzilgan uy oldi-sotdi bitimi haqiqiy deb topilgan.
Viloyat sudi apellatsiya instansiyasining ajrimi bilan sud qaroriga oʻzgartirish kiritilib, B. Joʻrayevadan Z. Islomova foydasiga 1.609.059 soʻm undirish belgilangan.
Quyidagi asoslarga koʻra, Oliy sud fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2017-yil 30-maydagi ajrimi bilan mazkur ish yuzasidan qabul qilingan sud qarorlari bekor qilinib, daʼvoni rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilindi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishida mavjud boʻlgan tilxatga koʻra, Z. Islomova oʻziga tegishli kvartirani B. Joʻrayevaga 11.000.000 soʻmga kelishib sotgan, shundan 9.300.000 soʻmini olgan, vaqtincha mazkur kvartirada yashab turishni iltimos qilgan.
Sudlar daʼvoni qanoatlantirish haqidagi oʻz xulosasini Fuqarolik kodeksining 112-moddasi 2-qismi hamda daʼvogarning suddagi tushuntirishlari bilan asoslagan.
B. Joʻrayevaning suddagi tushuntirishidan koʻrinishicha, Z. Islomovaning daʼvogardan boʻlib-boʻlib pul olgan, daʼvogar oʻzi tilxat yozib, Z. Islomovaga imzo qoʻydirib olgan. Bu holat Z. Islomovaning nizoli turar joyni oʻz erki va ixtiyori bilan sotmaganligidan va daʼvogardan qarz olib kelganligi, taraflar oʻrtasida nizoli turar joy oldi-sotdisi boʻyicha kelishuv boʻlmaganligidan dalolat beradi.
Shuningdek, apellatsiya instansiyasi ham Z. Islomovaning turar joyini sotmaganligi haqidagi vajlariga, daʼvogar ukasi bilan birgalikda Z. Islomovaga qarz berib, qarzini foiz bilan hisoblab, foizini qaytarish maqsadida Z. Islomovaning uyidan stenka, stol va kiyimlarigacha olib ketib, daʼvogar qarzini qaytarishga ishonchli boʻlishi uchun deb aldab, oʻzi tilxat yozib, imzolatib olganligi, taraflar oʻrtasida qarz munosabati yuzaga kelganligi, kvartira sotilmaganligi suddagi guvohlarning tushuntirishlari bilan tasdiqlanganligi, oldi-sotdi bitimining shartlari bajarilmaganligi, yaʼni oldi-sotdi predmeti boʻlgan nizoli mulk xaridorga topshirilmaganligini eʼtiboridan chetda qoldirib, sud qaroriga oʻzgartirish kiritish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Sudlar yuqorida qayd etilgan qonun talablari va ish holatlarini inobatga olmasdan, daʼvoni qanoatlantirish haqida asoslantirilmagan xulosaga kelgan.
6-662-17-sonli ajrim
