Elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash tizimiga ega boʻlgan elektr energiyasi elektron hisoblagichlar ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (248-son)
29.06.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yaxshilash, elektron elektr hisoblagichlarni respublikada ishlab chiqarishni tashkil etish, elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash tizimini joriy etish, shuningdek, respublikaning eksport salohiyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarga:
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Isroilning “MRK Family LTD”, “NISCO” va “Balshin” kompaniyalari bilan elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash tizimiga ega boʻlgan elektron elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish, montaj qilish va xizmat koʻrsatish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Toshkent shahrida elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash tizimiga ega boʻlgan 100 ta elektron elektr hisoblagichlarni oʻrnatish va foydalanish boʻyicha eksperiment oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash tizimiga ega boʻlgan elektron elektr hisoblagichlar va ularga dastur tuzuvchi qurilmalar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining texnika-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni va valyuta bilan oʻz xarajatini oʻzi taʼminlashni nazarda tutgan holda ikki oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda ekspertizaga taqdim etsin.
3. Tashkil etilayotgan Oʻzbekiston — Isroil qoʻshma korxonasi dastlabki ustav jamgʻarmasining miqdori 2 mln AQSh dollarini tashkil etishi va quyidagi tartibda taqsimlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
uning 70 foizini yoki 1,4 mln AQSh dollarini Isroil “MRK Family LTD”, “NISCO” va “Balshin” kompaniyalarining pul mablagʻlari, elektron elektr hisoblagichlar, dastur tuzuvchi qurilmalar, nazorat-sinash uskunasi va 100 ta elektron elektr hisoblagichlar tarzidagi badali tashkil etadi;
uning 30 foizini yoki 0,6 mln AQSh dollarini “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining asosiy va aylanma mablagʻlar tarzidagi badali tashkil etadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi Toshkent shahar hokimligi hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahrida yilning yoz va qish davri sharoitlarida elektron elektr hisoblagichlar va elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash tizimidan foydalanish boʻyicha eksperiment oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishgan holda texnika-iqtisodiy asoslar loyihasi tasdiqlangandan soʻng uch oy muddatda 2001—2005-yillarda respublika korxonalarida butlovchi qismlarning kamida 60 foizini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning mukammal dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. “Oʻzstandart” agentligi “MRK Family LTD” “NISCO” va “Balshin” kompaniyalari tomonidan keltiriladigan asbob-uskunalar va butlovchi qismlar belgilangan tartibda sertifikatsiyalanishni taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.Y. Atayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 29-iyun,
248-son
