“Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2903-son)
27.07.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 27-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2903]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-maydagi PQ-2969-son “Jizzax va Sirdaryo viloyatlari qishloq xoʻjaligining texnik jihozlanishini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Z. MIRZAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-iyul,
37-son
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2017-yil 5-iyuldagi 37-son buyrugʻiga ILOVA
“Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-maydagi PQ-2969-son “Jizzax va Sirdaryo viloyatlari qishloq xoʻjaligining texnik jihozlanishini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan davlat xaridi uchun paxta va gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga (bundan buyon matnda fermer xoʻjaliklari deb yuritiladi) koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamgʻarmasidan (bundan buyon matnda — Jamgʻarma deb yuritiladi) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan maqsadli mablagʻlar hisobvaragʻi.
mexanizatsiya xizmatlari — “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi texnikalari orqali koʻrsatiladigan xizmatlar (er haydash, ekin ekish, ishlov berish, mineral oʻgʻit solish, hosilni yigʻish, tashish va boshqalar).
2. Davlat xaridi uchun paxta va gʻallani yetishtirishga koʻrsatiladigan mexanizatsiya xizmatlari uchun hisob-kitoblar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Jamgʻarmadan ajratiladigan maqsadli mablagʻlar;
fermer xoʻjaliklarining oʻz mablagʻlari;
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-apreldagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan Hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan davlat budjetidan ajratiladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mablagʻlari;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa moliyaviy manbalar.
2-bob. Pul mablagʻlarini yoʻnaltirish
1-§. Paxta va gʻallani yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan imtiyozli kredit resurslarini yoʻnaltirish
3. “Oʻzagroservis” AJ korxonalari va fermer xoʻjaliklari oʻrtasida mexanizatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tuzilgan shartnomaga asosan mexanizatsiya xizmati koʻrsatilganidan keyin 60 kun mobaynida uzil-kesil hisob-kitob qilish sharti bilan, oldindan 50 foiz haq toʻlash asosida mexanizatsiya xizmati koʻrsatiladi.
4. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan fermer xoʻjaliklariga davlat xaridi uchun paxta va gʻallani yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki (bundan buyon matnda tijorat banki deb yuritiladi) filiallari orqali belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar ajratiladi va fermer xoʻjaliklari ajratilgan kreditlar hisobidan “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshiradilar.
5. “Oʻzagroservis” AJ korxonalari har oyning 3-sanasigacha fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan bajariladigan ishlar hajmlari uchun mavjud debitorlik va kreditorlik qarzdorlikni hisobga olgan holda talab etiladigan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har bir fermer xoʻjaligi kesimida, tijorat banki filiallariga taqdim etadi.
6. Tijorat banki filiallari maʼlumotlarni tekshirib, kreditlash uchun belgilangan meʼyor doirasida fermer xoʻjaliklarning murojaatlari asosida hududiy viloyat boshqarmalari orqali tijorat bankining Bosh ofisiga belgilangan tartibda kredit buyurtmasini taqdim etadi.
Tijorat bankining Bosh ofisi hududiy viloyat boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan kredit buyurtmalarini qonun hujjatlariga toʻgʻri kelishini tekshirib, umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida Jamgʻarmaga belgilangan tartibda kredit buyurtmasini taqdim etadi.
7. Koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish maqsadida “Oʻzagroservis” AJ korxonalari toʻlov talabnomalarini fermer xoʻjaliklarga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallariga topshiradi va topshirilganligi toʻgʻrisida tijorat banki filialining tasdigʻini oladi.
8. Tijorat banki filiallari doimiy ravishda “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan bajarilgan ishlar hajmi bilan qoʻyilgan toʻlov talabnomalarining mutanosibligini nazorat qilib boradilar.
9. Jamgʻarma kredit buyurtmalariga muvofiq tijorat bankining Bosh ofisi orqali tijorat banklariga fermer xoʻjaliklarga koʻrsatilgan va koʻrsatiladigan mexanizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida bosqichma-bosqich mablagʻ ajratadi.
Tijorat banklari taqdim etilgan buyurtma va mavjud toʻlov hujjatlari asosida hisobga olingan mexanizatsiya xizmatlari toʻlovlari uchun fermer xoʻjaliklarining hisobvaragʻidan “Oʻzagroservis” AJ korxonalarining tegishli 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
10. Muqobil mashina-traktor parklari, qishloq xoʻjalik mexanizatsiya xizmati koʻrsatuvchi xoʻjalik subyektlarining 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻiga mexanizatsiya xizmatlari uchun kelib tushgan mablagʻlar “Oʻzagroservis” AJ korxonalari oldidagi mavjud qarzdorliklar toʻloviga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, muqobil mashina-traktor parklari, qishloq xoʻjalik mexanizatsiya xizmati koʻrsatuvchi xoʻjalik subyektlari tomonidan “Oʻzagroservis” AJ korxonalariga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun oldindan toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Agar, muqobil mashina-traktor parklari, qishloq xoʻjalik mexanizatsiya xizmati koʻrsatuvchi xoʻjalik subyektlarining “Oʻzagroservis” AJ korxonalari oldida qarzdorligi mavjud boʻlmagan taqdirda, kreditorlik qarzi yoʻqligini tasdiqlovchi solishtirma dalolatnomaga asosan mablagʻlar ularning asosiy depozit hisobvaraqlariga oʻtkazilib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishlatiladi.
2-§. Gʻalla hosili yakuniy hisob-kitobi uchun ajratiladigan mablagʻlarni yoʻnaltirish
11. Gʻalla hosili yakuniy hisob-kitobi uchun ajratiladigan mablagʻlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Oʻzdonmahsulot” AK korxonalarining 22602-sonli akkreditiv hisobvaraqlaridan fermer xoʻjaliklari tomonidan taqdim etilgan toʻlov hujjatlariga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
12. “Oʻzagroservis” AJ korxonalari oʻrim mavsumi boshlangunga qadar gʻalla hosilini topshiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan:
oʻriladigan gʻalla maydonlarini;
gʻalla oʻrimi boʻyicha bajariladigan ishlar hajmlarini;
debitorlik va kreditorlik qarzdorlikni hisobga olgan holda toʻlovlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har bir fermer xoʻjaligi kesimida xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallari bilan birgalikda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda tegishli tijorat bankining hududiy boshqarmalariga taqdim etadilar.
Tijorat bankining hududiy boshqarmalari oʻz navbatida tijorat bankining Bosh ofisi orqali umumlashtirilgan maʼlumotlarni Jamgʻarmaga taqdim etadi.
13. “Oʻzagroservis” AJ korxonalari har bir fermer xoʻjaligiga xizmat koʻrsatilishidan oldin, shartnomaga asosan bajariladigan ish hajmini, debitorlik va kreditorlik qarzdorlikni hisobga olgan holda mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma rasmiylashtiradi va tegishli mexanizatsiya xizmatini koʻrsatadi.
Tegishli dalolatnoma tuzilmasdan (xizmat haqi oldindan 100 foiz toʻlangan holatlar bundan mustasno) xizmat koʻrsatish, taqiqlanadi.
Ish kuni yakunida dalolatnoma 3 nusxada tuziladi. Birinchi nusxasi mexanizatsiya xizmatini koʻrsatgan “Oʻzagroservis” AJ korxonasiga fermer xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga toʻlov talabnomasi qoʻyish uchun beriladi, ikkinchi nusxasi fermer xoʻjaligida qoladi, uchinchi nusxasi “Oʻzagroservis” AJ korxonasida saqlanadi.
“Oʻzagroservis” AJ korxonalari dalolatnoma asosida fermer xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallariga qoʻyilgan toʻlov talabnomalari boʻyicha reyestr shakllantiradi.
14. “Oʻzagroservis” AJ korxonalari toʻlov talabnomalari reyestrini 2 kun ichida fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallariga belgilangan tartibda toʻlovlarni undirish uchun topshiradi va topshirilganligi toʻgʻrisida tijorat banki filialining tasdigʻini oladi.
Tijorat banki filiallari toʻlov talabnomalarni 1 bank ish kuni davomida fermer xoʻjaliklarining 2-sonli kartotekasiga (toʻlov muddatini kutayotgan hujjatlar) kirim qilishi zarur.
15. Tijorat banki filiallari “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan haqiqatda taqdim etilgan toʻlov hujjatlari toʻgʻrisidagi (har bir tuman va fermer xoʻjaliklari kesimida) maʼlumotlarni umumlashtirgan holda don korxonalariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallariga va “Oʻzagroservis” AJ korxonalariga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi maʼlumotni taqdim etadilar.
16. Don korxonalariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallari “Oʻzagroservis” AJ korxonalari bilan birgalikda fermer xoʻjaliklarining hisobvaraqlariga haqiqatda qoʻyilgan va ularga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiallari tomonidan tasdiqlangan toʻlov talabnomalari toʻgʻrisidagi (har bir tuman va fermer xoʻjaliklari kesimida) maʼlumotlarni umumlashtiradi.
17. Tijorat bankining hududiy boshqarmalari “Oʻzagroservis” AJ korxonalariga fermer xoʻjaliklari tomonidan taqdim etilgan PK-10 va PK-10A kvitansiyalariga asosan fermer xoʻjaliklariga topshirilgan gʻalla hosili uchun haqiqatda toʻlanadigan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tumanlar va fermer xoʻjaliklari kesimida taqdim etadi.
18. Tijorat bankining hududiy boshqarmalari topshirilgan gʻalla hosili uchun haqiqatda taqdim etilgan PK-10 va PK-10A kvitansiyalari va fermer xoʻjaliklarining hisobvaraqlariga “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan qoʻyilgan toʻlov talabnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan kelib chiqib, “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari uchun ajratiladigan mablagʻlarga buyurtma tayyorlaydi.
Tijorat bankining hududiy boshqarmalari tayyorlangan buyurtmani tijorat bankining Bosh ofisiga taqdim etadi. Tijorat bankining Bosh ofisi buyurtmani “Oʻzdonmahsulot” AK bilan birga tasdiqlagan holda belgilangan tartibda Jamgʻarmaga taqdim etadi.
19. Jamgʻarma taqdim etilgan buyurtmaga muvofiq “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari uchun bosqichma-bosqich mablagʻ ajratadi.
20. Tijorat banki taqdim etilgan buyurtma va mazkur Nizomning 16-bandidagi maʼlumotlarga asosan haqiqatda topshirilgan gʻalla hosili uchun fermer xoʻjaliklarining maxsus hisobvaraqlariga mos ravishda mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
21. Gʻalla hosili yakuniy hisob-kitoblari uchun fermer xoʻjaliklarining maxsus hisobvaraqlariga kelib tushgan mablagʻlar belgilangan tartibda toʻlov talabnomalariga asosan gʻalla hosilini yetishtirish va oʻrib olish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlash uchun “Oʻzagroservis” AJ korxonalarining 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
3-§. Paxta hosili yakuniy hisob-kitobi uchun ajratiladigan mablagʻlarni yoʻnaltirish
22. Paxta yakuniy hisob-kitob uchun ajratiladigan mablagʻlar qonun hujjatlarda belgilangan tartibda “Oʻzpaxtasanoat” AJ korxonalarining 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻi orqali fermer xoʻjaliklari tomonidan taqdim etilgan toʻlov hujjatlariga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
23. “Oʻzpaxtasanoat” AJning hududiy filiallari yetishtirilgan paxta hosili yakuniy hisob-kitobidan mablagʻlar olishi lozim boʻlgan fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotni tumanlar va fermer xoʻjaliklari kesimida “Oʻzagroservis” AJ korxonalariga taqdim etadi.
“Oʻzagroservis” AJ korxonalari har bir fermer xoʻjaligi olishi lozim boʻlgan mablagʻlar hajmini, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari uchun mavjud kreditor qarzlari va toʻlovga taqdim etilgan toʻlov talabnomalari bilan solishtirgan holda “Oʻzagroservis” AJning korxonalari tomonidan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar boʻyicha hisob-kitoblarni fermer xoʻjaliklari kesimida tayyorlaydi hamda “Oʻzpaxtasanoat” AJning hududiy filiallariga hamda tijorat bankining hududiy boshqarmalariga taqdim etadi.
24. Tijorat bankining hududiy boshqarmalari, “Oʻzpaxtasanoat” AJning hududiy filiallari bilan birgalikda koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari uchun fermer xoʻjaliklarining hisobvaraqlariga “Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan qoʻyilgan toʻlov talabnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan kelib chiqib, shu kunning oʻzida mexanizatsiya xizmatlari toʻlovi uchun ajratiladigan mablagʻlarga buyurtma tayyorlaydi.
Tijorat bankining hududiy boshqarmalari tayyorlangan buyurtmani tijorat bankining Bosh ofisiga taqdim etadi. Tijorat bankining Bosh ofisi buyurtmani “Oʻzpaxtasanaot” AJ bilan birga tasdiqlagan holda belgilangan tartibda Jamgʻarmaga taqdim etadi.
25. Jamgʻarma “Oʻzpaxtasanoat” AJ tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblarga asosan topshirilgan paxta qiymati uchun paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻi orqali bosqichma-bosqich mablagʻ ajratadi.
26. Paxta tozalash zavodlariga kelib tushgan mablagʻlar fermer xoʻjaliklari bilan oʻzaro rasmiylashtirilgan dalolatnomalarga muvofiq tuzilgan hisob-kitoblarga asosan topshirilgan paxta hosili qiymati hisobidan olinishi mumkin boʻlgan mablagʻlar doirasida fermer xoʻjaliklarining 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
27. Fermer xoʻjaliklarining 23210 (23220) — maxsus mablagʻlar hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari uchun “Oʻzagroservis” AJning korxonalariga yoʻnaltiriladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
28. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
29. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Davlat xaridi uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamgʻarmasi”, “Oʻzpaxtasanoat” AJ, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, “Agrobank” ATB, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va “Oʻzagroservis” AJ bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Davlat xaridi uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish” Jamgʻarmasi direktori v. b. M. POZILOV
2017-yil 30-iyun
Oʻzpaxtasanoat” AJ bosh direktori Y. XIDIROV
2017-yil 30-iyun
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi S. XAYDAROV
2017-yil 30-iyun
“Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi N. OTAJONOV
2017-yil 30-iyun
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi A. TAMIKAYEV
2017-yil 30-iyun
“Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Oʻ. TURSUNOV
2017-yil 30-iyun
“Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
_____________________________________________________________________________________________________________________ tomonidan ______yil gʻalla hosilini yetishtirish uchun bajarilgan va gʻalla (hududiy “Agroservis” AJ korxonasi nomi) hosilini oʻrish boʻyicha bajariladigan ishlar hajmi va yakuniy hisob-kitobdan talab etiladigan mablagʻlar HISOB-KITOBI T/r Fermer xoʻjaligi bank MFO Unikal kod STIR 01.05.201__ yil holatiga qarzdorlik, ming soʻm tuman hokimligi qaroriga asosan Shartnomaga asosan____yilda oʻriladigan gʻalla maydoni (ga) Shartnomaga asosan bajariladigan ishlar hajmi (ming soʻm) Davlat ehtiyojlari uchun topshiriladigan don Ajratilgan imtiyozli kredit (ming soʻmda) Olingan urugʻlikning 1-may holatiga qoldiq qiymati (ming soʻmda) Yakuniy hisob-kitoblarda toʻlanishi kutilayotgan mablagʻ (ming soʻmda) 14 = 11 – 12 – 13 MChJ tomonidan oʻzlashtirilishi kutilayotgan mablagʻ hajmi DT KT gʻalla ekilgan maydon (ga) yalpi hosil (tn) tonna qiymati ming soʻm A V 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 1. 2. 3. ... MChJ boʻyicha jami: Rahbar _______ ___________ Xizmat koʻrsatuvchi bank rahbari ________ _____________________ (imzo) (F.I.Sh.) (imzo) (F.I.Sh.) (M.Oʻ.) (M.Oʻ.) Bosh hisobchi _______ ___________ Bosh hisobchi _________ ____________________ (imzo) (F.I.Sh.) (imzo) (F.I.Sh.)
“Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Oʻzagroservis” AJ korxonalari tomonidan koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini toʻlash toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
________________ viloyati “Agroservis MTP” MChJ tomonidan ______________bank filialiga qoʻyilgan toʻlov talabnomalari, imtiyozli kredit qoldigʻi toʻgʻrisida M A ʼ L U M O T T/r Fermer xoʻjaliklari nomi Bank MFO Unikal kodi STIR Ajratilgan kredit qoldigʻi (ming soʻmda) shundan: Viloyat “Agroservis MTP” MChJ tomonidan taqdim etilgan toʻlov talabnomasi (ming soʻm) K-2 ga kirim qilingan toʻlov talabnomasi (ming soʻm) 201__ yil gʻalla imtiyozli kredit 201__ yil gʻallani oziqlantirish boʻyicha A V 1 2 3 4 5 6 7 8 1. 2. 3. … MChJ boʻyicha jami: Bank rahbari ____________ _________________________________ (M.Oʻ.) (imzo) (ismi, familiyasi) Bosh hisobchi ____________ _________________________________ (imzo) (ismi, familiyasi)
