Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida avtomobil va temir yoʻl transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻyish qoidalarini tasdiqlash haqida (2904-son)
27.07.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 27-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2904]
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida avtomobil va temir yoʻl transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk boʻlimlariga bojxona plombalarini qoʻllash qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais M. TOXIRIY
Toshkent sh.,
2017-yil 18-iyul
01-02/12-24-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2017-yil 18-iyuldagi 01-02/12-24-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida avto va temir yoʻl transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk boʻlimlariga bojxona plombalarini qoʻllash
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona hududiga bojxona nazorati ostida kirayotgan, undan chiqayotgan hamda tranzit tartibida oʻtayotgan avto va temir yoʻl transportining (bundan buyon matnda transport vositasi deb yuritiladi) tovarlar ortilgan yuk boʻlimlariga bojxona organlari tomonidan bojxona plombalarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bojxona plombasi — Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (bundan buyon matnda Bojxona qoʻmitasi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlangan shakl, oʻlcham va koʻrinishdagi, belgilangan seriya va tartib raqamli, tovar va transport vositalarini identifikatsiyalashda bir marta foydalaniladigan, shuningdek transport vositalarini boshqarish va nazorat qilishning onlayn mexanizmini nazarda tutadigan navigatsion bojxona identifikatsiyalash vositasi;
tovar joʻnatuvchilar va tashuvchilar tomonidan, shuningdek chet davlatlarning bojxona organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq qoʻyilgan plombalar;
joʻnatuvchi bojxona posti — bojxona organi faoliyat koʻrsatish zonasida tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish boshlanadigan bojxona posti;
manzil bojxona posti — bojxona organi faoliyat koʻrsatish zonasida tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish tugallanadigan bojxona posti.
2. Bojxona kodeksining 197-moddasiga muvofiq bojxona plombasi bojxona organlari tomonidan oʻzgartirilishi, olib tashlanishi yoki yoʻq qilinishi mumkin, bundan tovarlarning va transport vositalarining yoʻq qilinishi, qayta tiklab boʻlmaydigan tarzda yoʻqotilishi yoki jiddiy tarzda buzilishi haqiqiy xavfi boʻlgan hollar mustasno. Bojxona organlariga bojxona identifikatsiyalash vositalari oʻzgartirilganligi, olib tashlanganligi yoki yoʻq qilinganligi toʻgʻrisida darhol xabar beriladi va haqiqiy xavf mavjudligining dalillari taqdim etiladi.
2-bob. Transport vositalarining tovarlar ortilgan yuk boʻlimlariga bojxona plombalarini qoʻllash
3. Bojxona nazorati ostida tovarlar tashilayotgan barcha transport vositalarining yuk boʻlimlariga bojxona plombalari qoʻyilishi lozim, bundan mazkur Qoidalarning 4-bandida keltirilgan hollar mustasno.
4. Quyidagi hollarda bojxona nazorati ostidagi tovarlar ortilgan transport vositalarining yuk boʻlimlariga bojxona organlari tomonidan bojxona plombalari qoʻyilmaydi:
bir transport vositasida konteynerlar eshiklari bir-biriga qarab joylashtirilganligi natijasida plomba qoʻyishning imkoni boʻlmasa;
tovarlar usti ochiq transport vositasiga yuklansa;
temir yoʻl stansiyalarida yuqori kuchlanishli elektr simlari oʻtgan joylardagi vagon va konteynerlariga bojxona plombalarini qoʻyish xodimning hayoti va salomatligiga jiddiy xavf solsa;
“eksport”, “reeksport”, “vaqtincha olib chiqish” va “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyasi “yashil” va “sariq” yoʻlaklar orqali rasmiylashtirilgan hollarda, bundan mazkur Qoidalarning 5-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlar mustasno;
chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda joylashgan bojxona terminallariga yuboriladigan avtotransport vositalariga;
transport vositasining yuk boʻlimiga bojxona plombalari qoʻyilgan boʻlsa;
bojxona plombalari qoʻyishning imkoni boʻlmagan boshqa asosli hollarda.
41. Tovar joʻnatuvchilar va tashuvchilar tomonidan, shuningdek chet davlatlarning bojxona organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq qoʻyilgan plombalar, muhrlar yoki boshqa bojxona identifikatsiyalash vositalari bojxona identifikatsiyalash vositalari ham tan olinadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan, bojxona hududidan olib chiqilayotgan va tranzit tartibida harakatlanayotgan tovarlar ortilgan transport vositalarining yuk boʻlimlariga bojxona plombalari joʻnatuvchi bojxona postlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi oʻtkazilganidan soʻng qoʻyiladi, bundan mazkur Qoidalarning 4-bandida keltirilgan hollar mustasno.
“Eksport”, “reeksport”, “vaqtincha olib chiqish” va “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimlari asosida bojxona yuk deklaratsiyasi “yashil” va “sariq” yoʻlaklar orqali bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilib, tovarlar Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini rasmiylashtirilgan holda olib chiqilayotganda yoki yuk joʻnatuvchilar va (yoki) tashuvchilar tomonidan talab etilganda bojxona plombalari bojxona organi tomonidan transport vositalarining yuk boʻlimlariga chegara bojxona postlarida oʻrnatiladi.
6. Tovarlar ortilgan transport vositalarining yuk boʻlimlariga bojxona plombalari qoʻyish transport vositalaridan tovar yoki buyumlarni tushirish, shuningdek transport vositalariga boshqa tovar va buyumlarni ortish imkoniyatini istisno etishi lozim.
7. Bojxona plombasi toʻgʻrisidagi maʼlumot tovar va transport vositalariga rasmiylashtirilgan tovarni yetkazib berishning nazorat hujjatida va (yoki) bojxona koʻrigi dalolatnomasida qayd etiladi.
Yuk joʻnatuvchilar va (yoki) tashuvchilar talabiga koʻra, bojxona plombalari toʻgʻrisidagi maʼlumot transport hujjatlarida koʻrsatiladi.
8. Joʻnatuvchi va (yoki) manzil bojxona postlarida tovarlar ortilgan transport vositalarining yuk boʻlimlariga qoʻyilgan bojxona plombalarining mavjudligi va plomba qoʻyilgan jihozlar (vagon/konteyner konstruksiyasi, tirkamaning trosi, tenti, tom, pol qismlari va h. k) (bundan buyon matnda plomba qoʻyilgan jihozlar deb yuritiladi) bojxona posti xodimi yoki bojxona omborining egasi yoxud uning vakolatli shaxsi tomonidan tekshiriladi hamda transport hujjatlaridagi maʼlumotlar bilan solishtiriladi
Manzil bojxona postlarida bojxona plombalari hamda plomba qoʻyilgan jihozlarga zarar yetkazilmaganligiga xodim yoki bojxona omborining egasi yoxud uning vakolatli shaxsi tomonidan ishonch hosil qilingandan soʻng belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi.
Bojxona plombalari hamda plomba qoʻyilgan jihozlarga zarar yetkazilganligi aniqlanganda tegishli tartibda bojxona qoidalarining buzilishi yuzasidan ish materiallari yuritilib, tovarlar bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi.
9. Transport vositalariga ortilgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining ikki va undan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat (bundan buyon matnda TIF deb yuritiladi) qatnashchilariga olib kelinayotgan taqdirda joʻnatuvchi bojxona posti tomonidan plombalangan transport vositasi eng yaqin hududdagi TIF qatnashchisi joylashgan joydagi manzil bojxona postiga yoʻnaltiriladi.
Birinchi manzil bojxona postida tovarlar ortilgan transport vositasi bilan mazkur Qoidalarning 8-bandiga muvofiq tegishli harakatlar amalga oshirilgandan soʻng ushbu bojxona posti tomonidan keyingi eng yaqin hududdagi TIF qatnashchisi joylashgan joydagi manzil bojxona postiga yangi bojxona plombalari qoʻyilgan holda yoʻnaltiriladi, bundan mazkur Qoidalarning 4-bandida keltirilgan hollar mustasno. Qoʻyilgan yangi bojxona plombasi boʻyicha tegishli maʼlumotlar Bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
10. Bojxona kodeksining 224-moddasiga muvofiq, avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri yoxud tovarlarni tayin qilingan joyga tashishga toʻsqinlik qiladigan boshqa vaziyatlar oqibatida tashuvchi:
tovarning, transport vositasining butligini saqlash va ulardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishi;
eng yaqin bojxona organiga tegishli vaziyatlar, tovarning va transport vositasining turgan joyi toʻgʻrisida darhol xabar berishi;
tovarlarni eng yaqin bojxona organiga yoki bojxona organi koʻrsatgan boshqa joyga olib borishi yoxud, agar uning transport vositasi buzilgan boʻlsa, olib borilishini taʼminlashi shart.
Bojxona organi bojxona nazoratini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan chora-tadbirlarni sodir boʻlgan hodisaning xususiyatiga, tovar sifatining yoʻqotilish darajasi va tovar tashilishini amalga oshirayotgan transport vositasining texnik holatiga bogʻliq ravishda belgilaydi.
Bunda, bojxona organi tomonidan transport vositasining yuk boʻlimiga yangidan bojxona plombalari qoʻyiladi va bu toʻgʻrisida transport hujjatlari hamda Bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlar kiritiladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
11. Tovarlarni bir (bojxona) ombordan boshqa (bojxona) omborga olib oʻtish jarayonida bojxona postlari tomonidan bojxona plombalarini qoʻyish hamda tekshirish mazkur Qoidalarning 2-bobida qayd etilgan tartibda amalga oshiriladi.
12. Transport vositalarining tovarlar ortilgan boʻlimlaridan yechib olingan bojxona plombalaridan takroran foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan navigatsion bojxona identifikatsiyalash vositalari mustasno.
13. Mazkur Qoidalarda koʻrsatilgan talablarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
